Oʻzbek taekvondosida yangi sahifa ochgan jamoamiz tantanali kutib olindi
24-27-iyun kunlari Koreya Respublikasi taekvondo boʻyicha navbatdagi Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Qitʼamizning eng kuchli sportchilari bilan kechgan bellashuvlarda 4 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medallarini qoʻlga kiritib, oʻzbek taekvondosida yangi sahifa ochgan hamyurtlarimiz diyorimizga qaytib kelishdi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oʻtgan tantanali tadbirda Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov va uning oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Mudofaa vazirligi mutasaddilari, sportchilarimizning yaqinlari va koʻplab OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Rasmiylar muzaffar taekvondochilarimizni qarshi olishar ekan, ular qayd etgan ulkan natija davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlarning samarasi ekanini alohida taʼkidlashdi. Mutasaddilar sportchilarimizni qoʻlga kiritilgan gʻalabalar bilan qutlab, kelgusida bundan-da katta marralarni zabt etishlarini tilab qolishdi.
Eslatib oʻtamiz, mazkur Osiyo chempionatida 4 ta oltin medalga sazovor boʻlgan yigitlarimiz umumjamoa hisobida musobaqa mezboni va ushbu sport turining vatani boʻlmish Janubiy Koreyani ham ortda qoldirib, birinchi oʻrinni egallashdi. Shuningdek, musobaqada -74 kg vazn toifasida chempion boʻlgan Jasur Jaysunov “Eng yaxshi sportchi”, jamoamiz treneri Pavel Xan esa “Eng yaxshi murabbiy” deb tan olindi.
Endi jamoamiz qisqa muddatli hordiqdan soʻng avgust oyida Turkiyaning Konya shahrida oʻtkaziladigan Islom birdamligi oʻyinlariga tayyorgarlikni davom ettiradi.