Jahon chempionati startiga roppa-rosa 100 kun qoldi. Uni qabul qilishga qanchalik tayyormiz?
Mamlakatimizda ilk bor oʻtkaziladigan dzyudo boʻyicha kattalar oʻrtasidagi jahon chempionati boshlanishiga bugun roppa-rosa 100 kun qoldi. 6-13-oktyabr kunlari poytaxtimiz mezbonlik qiladigan musobaqa katta ahamiyatga ega. Dunyoning 100 dan ziyod davlatidan sportchilar tashrif buyurishi kutilayotgan mazkur dunyo birinchiligini yuqori saviyada tashkil etish, yurtimizga keladigan mehmonlar uchun barcha qulayliklarni yaratish, ularning yaxshi taassurotlar bilan qaytishlari uchun hozirdanoq zaruriy chora-tadbirlar koʻrilmoqda.
Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasida MOQ raisi oʻrinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov boshchiligida yilning eng muhim startiga tayyorgarlik masalalar atroflicha muhokama qilindi. Unda jahon chempionati ishtirokchilari, faxriy mehmonlar, delegatsiyalarni kutib olish hamda mehmonxonalarga joylashtirish, ularga yuqori servis xizmatini koʻrsatish masalalari koʻrib chiqildi. Azizjon Yakubjanovich ushbu masalalar tadbirni yuqori saviyada tashkil etishda katta ahamiyat kasb etishini taʼkidlab, ularga jiddiy yondashish zarurligini bildirdi.
Yigʻilish davomida boʻlajak musobaqa ramzi, mehmonlar va shohsupaga koʻtariladigan sportchilarga beriladigan esdalik sovgʻalarining namunalari ham muhokama qilindi. Shuningdek, kuni kecha eʼlon qilingan “Oʻzbekistonda dzyudo sport turini yanada rivojlantirish chora tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Qarorining har bir bandi boʻyicha ham fikr almashilib, masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.