Kasb bayramingiz muborak boʻlsin, qadrli matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari!
27-iyun sanasi mamlakatimizda jurnalistikaning tom maʼnoda tugʻilgan kunidir. Bundan 115-yil avval, aniqrogʻi, 1907-yil aynan ushbu sanada jadidchilar harakati bilan ilk oʻzbek OAV – “Taraqqiy” gazetasi chop etila boshlandi. Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, mazkur sana diyorimizda har yili Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida keng nishonlab kelinadi.
Toʻrtinchi hokimiyat, deya taʼrif beriladigan OAVga mamlakatimizda soʻnggi yillar har qachongidan ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimiz boshchiligida soʻnggi yillarda jurnalistikaga oid 10 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilindi va ular amalda oʻz ijrosini topib kelmoqda. Davlatimiz rahbarining ushbu soha vakillari faoliyatini qoʻllab-quvvatlashi bilan jamiyatimiz yanada taraqqiy etyapti. Jumladan, soʻz erkinligining taʼminlanishi soha mutaxassislari uchun katta imkoniyatlar eshigini ochdi. OAV xodimlari yurtboshimiz bilan yelkama yelka turib Yangi Oʻzbekistonning yil sayin taraqqiy etishida Prezidentimizga kamarbasta boʻlib kelmoqdalar.
Xususan, sport sohasida mehnat qilayotgan hamkasblarimiz xalqimiz va sportchilarimiz orasida oʻziga xos “koʻprik” vazifasini oʻtab, muzaffar atletlarimizning xalqaro maydonda erishayotgan yutuqlarini tezkor va ishonchli qilib yetkazib berishmoqda. Ayniqsa, yildan yilga sportni yoritishga ixtisoslashgan telekanallar, internet nashrlari va blogerlarning koʻpayib borishi, mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzi targʻibotining yanada ortishiga xizmat qilmoqda.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi yurtimizda faoliyat olib borayotgan barcha matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlarini bugungi bayram bilan tabriklab, ularning mashaqqatli va masʼuliyatli faoliyatlarini ado etishlari yoʻlida kuch-gʻayrat, sihat-salomatlik tilab qoladi.