26 Iyun 2022 2575

Badiiy gimnastikachilarimiz Osiyo chempionatini 17 ta medal bilan yakunlashdi

6 ta oltin va 3 ta kumush. Badiiy gimnastika bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Tailandning Pattayya shahri mezbonlik qilgan qit’a birinchiligining so‘nggi kunida mana shuncha medallarni qo‘lga kiritdi. 

Bugungi kun Taxmina Ikromovaning benefisiga aylandi deyish mumkin. Sportchimiz halqa, to‘p va bulava mashqlarida tengsiz, deb topildi. Shuningdek, yana bir taniqli vakilamiz Sabina Tashkenbayevaning to‘p bilan amalga oshirgan dasturi kumush medalga loyiq ko‘rildi. 

Guruh mashqida 3 tasma va 2 to‘p bilan o‘z dasturini ijro qilgan qizlarimiz ham qit’amiz vakilalari orasida eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etishdi. Jamoamiz hisobiga yana 2 ta oltin medalni yoshlar toifasida Evelina Atalyansning bulava, Vilana Savadyanning esa tasma bilan chiqishi keltirdi. Guruh mashqida 5 to‘p bilan o‘z chiqishlarini namoyish etgan qizlarimiz esa shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarilishdi. 

Shu tariqa, terma jamoamizning mazkur qit’a birinchiligida jamg‘argan medallari 10 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronzani tashkil etmoqda. O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi va badiiy gimnastika bo‘yicha terma jamoamizni qit’a birinchiligida erishgan ushbu yutug‘i bilan qutlab qoladi.

Text to speech