Olimpiya kuni Yangi O‘zbekiston yoshlarini “Yangi nafas” bilan birlashtirdi
Bugun Yoshlar va Xalqaro Olimpiya kuniga bag‘ishlab tashkil etilgan “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi Respublikamizning minglab yoshlarini bir maqsad ostida birlashtirdi. Sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti yo‘lida o‘tgan sport bayrami ishtirokchilar qalbida muhrlanib qoldi.
“Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi bugungi tadbirning bosh dasturi bo‘ldi. Unda nafaqat sog‘lom atletlar, balki imkoniyati cheklangan hamyurtlarimiz ham 3 km masofaga kechgan do‘stona poygada o‘z omadini sinab ko‘rishdi.
Tadbirda Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, Yoshlar ishlari agentiligi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi rahbariyati, minglab sportsevar hamshaharlarimiz, o‘zbek sportining taniqli yulduzlari va poytaxtimiz mehmonlari ishtirok etishdi.
Ochilish marosimida so‘z olgan rasmiylar Prezidentimiz tashabbusi bilan nishonlanayotgan va hozirda milliy bayramlarimiz orasida munosib o‘rnini topgan Yoshlar kunining mana shunday sport bayrami bilan tashkil etilishi mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini yanada kuchaytirish, yoshlarimizni sportga keng jalb qilishda muhim ahamiyat kasb etishiga urg‘u berishdi. Shuningdek, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Baxning Olimpiya oilasiga yo‘llagan murojaati tadbirning e’tiborli qismlaridan bo‘ldi.
Shundan so‘ng poygaga rasman start berildi. Qayd etish joiz, bu tadbir nafaqat poytaxtimiz, balki Respublikamiz bo‘ylab Chirchiq, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Shahrisabz, Namangan, Farg‘ona shaharlarida ham bir vaqtda o‘tkazildi. Har bir shaharda 2 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlar sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotiga o‘z hissalarini qo‘shishdi.
Murosasiz poyga yakunida sovrindorlar quyidagicha ko‘rinish oldi:
Erkaklar:
1. Shahram Abdurahmonov (O‘zDJTSU)
2. Javohir Xoliqberdiyev (Qurolli kuchlar akademiyasi)
3. Ma’ruf Hamroqulov (O‘zDJTSU)
Ayollar:
1. Angelina Nasibullina (Chilonzor tuman BO‘SM)
2. Ozoda Yondosheva (O‘zMU)
3. Ziyodabonu Madlatipova (Toshkent stomatologiya instituti)
Shuningdek, poyganing eng yosh va eng keksa ishtirokchilari ham alohida taqdirlanishdi. Shundan so‘ng estradamizning yorqin vakillari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar tadbirga mantiqiy yakun yasab berdi.