26 Iyun 2022 1921

Rafalovich qitʼamizda tengsiz, Osipova bronza medali sohibasi

Koreya Respublikasida taekvondo WT boʻyicha Osiyo chempionati qizgʻin davom etmoqda. Quvonarlisi, musobaqaning bugungi kuni ham taekvondochilarimiz uchun muvaffaqiyatli oʻtdi.

Chempionatda -87 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan ikki karra JCH finalchisi Nikita Rafalovich barcha raqiblarini magʻlubiyatga uchratib, oltin medalni qoʻlga kiritdi. U finalda iordaniyalik Fahed Sbeyhidan ustun keldi. Ayollar oʻrtasida +73 kg vazn toifasida ishtirok etgan Svetlana Osipova yurtimizga bronza medali bilan qaytadigan boʻldi.

Nikitaning ushbu gʻalabasi orqali Oʻzbekiston erkaklar terma jamoasi hisobidagi oltin medallar soni uchtaga yetdi. Yigitlarimiz bu bilan umumjamoa hisobida Janubiy Koreyani ham ortda qoldirib, birinchi oʻringa chiqib olishdi.

Text to speech