RSTIAM mutaxassislari sportchilarimiz uchun psixologik trening oʻtkazishda davom etadi
Milliy Olimpiya qoʻmitasi qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining “Sport psixologiyasi” hamda “Sport diyetologiyasi va farmakologiyasi” boʻlimi mutaxassislari terma jamoalarimiz olib borayotgan oʻquv-yigʻin mashgʻulotlariga tashrif buyurishdi. Unda sportchilarni boʻlajak musobaqalarga ruhiy tayyorlash boʻyicha nazariy va amaliy treninglar tashkil etildi.
Dastavval mavzu boʻyicha maxsus soʻrovnoma oʻtkazildi. Shundan soʻng xulosalardan kelib chiqqan holda ruhiy tayyorgarlikni oshirishga qaratilgan trening mashgʻulotlari olib borildi. Shuningdek, tadbirlar doirasida sportchilarni nufuzli turnirlarga tayyorlashning diyetologik va farmakologik jihatlari ham oʻrgatilib, mavzu yuzasidan kerakli tavsiyalar berildi. Markaz diyetologlari tashrif davomida sportchilarimiz isteʼmol qilayotgan ovqatlar ratsionini ham oʻrganish barobarida ularning salomatligini ham koʻzdan kechirishdi.
Maʼlumot oʻrnida, RSTIAM mutaxassislari ushbu seminarlarni Toshkent viloyatida yigʻin oʻtkazayotgan kamondan otish, ogʻir atletika va sport kurashlari boʻyicha terma jamoalar uchun olib borishdi. Bungacha mazkur treninglari yengil atletika, boks kabi jamoalarimiz bilan ham oʻtkazilgan edi.