Moʻgʻulistonda “oʻzbekcha derbi”
Moʻgʻuliston poytaxtida oʻtkazilayotgan dzyudo boʻyicha “Katta dubulgʻa” musobaqasida ikkinchi kun kechki dasturda medallar uchun kurashadigan sportchilar nomi maʼlum boʻldi. Unda 3 nafar vakilimiz tatamiga chiqadi.
Ahamiyatlisi, -73 kg vazn toifasida muxlislar “oʻzbekcha derbi”ga guvoh boʻlishadi. Chorak finalda magʻlubiyatga uchrab, oʻtish bosqichida gʻalaba qozongan Obidxon Noʻmonov yarim finalda mezbonlarning ushbu vazndagi birinchi raqamli sportchisiga yutqazib qoʻygan Shahram Ahadovga qarshi bronza medali uchun bahs olib boradi.
Shuningdek, -70 kg vazn toifasining yarim finalida Tokio-2020 sovrindori rossiyalik Madina Taymazovaga magʻlub boʻlgan Gulnoza Matniyazova shohsupaga koʻtarilish uchun qozogʻistonlik Zere Bektaskizidan ustun kelishi kerak.