24 Iyun 2022 1487

Oʻzbek dzyudosining istiqbolli rejalariga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi

Bugun sportga ixtisoslashgan koʻplab ommaviy axborot vositalarining nigohi Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida tashkil etilgan matbuot anjumaniga qaratildi. Unda Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasining 2022-yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati, oldindagi rejalar va kuni kecha dzyudo haqida eʼlon qilingan Prezident qarori boʻyicha matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, Sportni rivojlantirish vazirining maslahatchisi Avaz Karimov, MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, Bahodir Maxsitov boshchiligidagi sport faxriylari, Xalq taʼlimi vazirligi mutasaddilari, oʻzbek dzyudosining jonkuyar vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Oybek Kasimov davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan muhim qarorga sharh berar ekan, bu hujjat kelgusida oʻzbek dzyudosining yangi zafarlari uchun asos boʻlishini taʼkidladi. Shuningdek, unda yosh dzyudochilarni seleksiya qilish va ushbu sport turi ommaviyligini oshirish boʻyicha koʻrsatilgan tizimga alohida toʻxtalib oʻtdi. Unga koʻra, maktabgacha taʼlim muassasalari, maktablar va undan soʻng internatlarda dzyudo taʼlimining joriy etilishi kelajakda oʻz samarasini koʻrsatadi.

Shundan soʻng Azizjon Kamilov soʻnggi 6 oy davomida Oʻzbekiston dzyudo federatsiyasida amalga oshirilgan ishlar, terma jamoamizning oʻtgan musobaqalarda qayd etgan natijalari, oldindagi rejalar haqida batafsil maʼlumot berdi. Bu yil mamlakatimizda ilk bor oʻtkaziladigan jahon chempionatiga tayyorgarlik mavzusi kun tartibidan alohida oʻrin egalladi. Qolaversa, Azizjon Yakubjanovich Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda olib borilayotgan “Maktablarda dzyudo” loyihasi, qisqa muddat ichida 13 hududda barpo etilgan yengil konstruksiyali dzyudo zallarining faoliyati haqida toʻxtalib, bu borada olib borilayotgan ishlar Prezidentimiz ilgari surayotgan sogʻlom turmush tarzi targʻibotini kuchaytirishga yordam berishini taʼkidladi.

Tadbir davomida Avaz Karimov hamda Sherzod Tashmatov ham soʻz olib, dzyudochilarimiz qayd etayotgan natijalar, jahon chempionatiga Sportni rivojlantirish vazirligi hamda MOQ tomonidan olib borilayotgan tayyorgarlik haqida qoʻshimcha qilishdi.

Shundan soʻng OAV xodimlari anjumanda koʻtarilgan mavzular yuzasidan oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Unda Azizjon Kamilov Prezident Qarori asosida faoliyat olib boradigan dzyudo akademiyasi, terma jamoalarimizning oldinda turgan Islom birdamligi oʻyinlari va jahon chempionatiga eng optimal tarkiblarda tayyorlanishi haqida gapirib oʻtdi.

Text to speech