23 Iyun 2022 1142

RSTIAM Turkiyaning yetakchi kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi

Sport tibbiyoti yo‘nalishidagi so‘nggi yutuqlar bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish, shuningdek, jahonning ilg‘or tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi (RSTIAM) Turkiyaning “INVITROTEK” kompaniyasi bilan memorandum imzoladi. 

Ushbu tadbirda Kamol Sirojitdinov boshchiligidagi RSTIAM mutasaddilari, “INVITROTEK” kompaniyasi bosh menejeri Xaluk Uchdere ishtirok etishdi. Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Kamol Komilovich davlatimiz rahbari tomonidan sport sohasi, xususan, sport tibbiyotini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor xususida ma’lumot berdi. O‘z navbatida, Turkiyalik mutaxassis mazkur ishlarni yuqori baholab, yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlikdan mamnun ekanini bildirdi. 

Shundan so‘ng tomonlar o‘zaro hamkorlik memorandumini imzolashdi. Unga ko‘ra, Turkiya kompaniyasi kelgusida sport tibbiyotiga oid so‘nggi va zamonaviy texnikalarni RSTIAMga yetkazib berish, mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish hamda ular uchun o‘quv seminarlar tashkil etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qiladi. 

Qayd etish joiz, mazkur memorandum sport genetikasi bo‘yicha zamonaviy tibbiy-biologik uslublar va texnologiyalapga ega bo‘lgan ilg‘or kompaniyalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ularning tajribalarini o‘rganish bo‘yicha hukumatimiz tomonidan berilgan topshiriqning amaldagi ijrosidir. Mazkur kelishuv kelajakda o‘zbek sportining yangi yutuq va g‘alabalari yo‘lida xizmat qiladi.

Text to speech