23 Iyun 2022 1805

“Olimpik” futbol klubining umumiy boshqaruvi MOQ raisi oʻrinbosari Saken Polatovga topshirilmoqda

Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olish maqsadida tashkil etilgan “Olimpik” futbol klubi joriy mavsum Coca Cola Superligasida oʻzining yorqin oʻyinlari bilan minglab muxlislar qalbini zabt etib kelmoqda. Jamoa faoliyatini yanada kuchaytirish, oldinga qoʻyilgan vazifalarni puxta amalga oshirish yoʻlida klubga yangi rahbar tayinlandi.

Unga koʻra, MOQ raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov “Olimpik” klubi prezidenti sifatida jamoaning umumiy boshqaruvini yuritadi. Saken Djetibayevich oʻzining “Lokomotiv” klubidagi faoliyati bilan futbol sohasida boy katta tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi.

U “temiryoʻlchilar” bilan 3 bor mamlakat chempionligini (2016, 2017, 2018) qoʻlga kiritgan. Shuningdek, yana 3-marta Oʻzbekiston kubogi (2014, 2017,2018) bahslarida gʻalaba qozongan. Jamoa uning boshqaruvida 2016-yil Osiyo chempionlar ligasida chorak finalgacha yetib borgan.

Shu tariqa Saken Polatovga yana bir muhim missiya – “Olimpiyachilarimiz” bilan Parij-2024 yoʻllanmasini qoʻlga kiritish vazifasi yuklatilmoqda. 1-19-iyun kunlari mamlakatimizda oʻtkazilgan U23 Osiyo kubogida yoshlarimizning finalgacha yetib borgani bu yoʻlda olib borilayotgan ishlar qanchalik toʻgʻri yoʻlga qoʻyilganidan dalolat bermoqda. Ishonamizki, Saken Djetibayevich boshqaruvida “Olimpik” yanada kuchayib, oʻzbek futboli muxlislarini xursand qilishda davom etadi.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Saken Polatovga yangi va masʼuliyatli lavozimda oldinga qoʻyilgan vazifani uddalashda kuch-gʻayrat va omad tilaydi.

Text to speech