23 Iyun 2022 1063

Ilmiy tadqiqotlar boʻyicha xorijiy tajribalar oʻrganilmoqda

Ayni kunlarda Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Mahmudjon Boltabayev hamda Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlari instituti direktori Rashid Matkarimov Latviya va Litva davlatlarida sport taʼlim tizimi hamda ilmiy tadqiqot muassasalari boʻyicha tajriba almashish maqsadida xizmat safarida boʻlib turishibdi.

Yurtimiz vakillari tashrif doirasida Riga shahrida joylashgan Latviya sport taʼlimi akademiyasi rahbariyati bilan uchrashishdi. Unda oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilinib, ilmiy tadqiqot faoliyatini rivojlantirish, yosh olimlarni oʻzaro tajriba almashish tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuvga erishildi hamda ikki tomonlama hamkorlik bitimi imzolandi.

Universitetimiz delegatsiyasi Litva sport universiteti tarkibidagi Sport va innovatsiyalar tadqiqot institutida ham boʻldi. U yerdagi sportchilar oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida foydalaniladigan mobil laboratoriyalar, atletlarning sakrash kuchini oʻlchab beradigan “BTS bioengineering” hamda zamonaviy “biomech” apparatlari vakillarimizda katta qiziqish uygʻotdi.

Laboratoriya xodimlari tomonidan zamonaviy texnika vositalarini qanday ishlatilishi, kunlik meʼyorlari haqida tushuncha berildi. Uchrashuv soʻngida Litva Sport va innovatsiyalar tadqiqot instituti bilan hamkorlikda faoliyat olib borish masalalari kelishib olindi.

Taʼkidlash joiz, mazkur safar Prezidentimiz tomonidan 23-may kuni sport taʼlimini yaxshilash, iqtidorli sportchilarni saralash va ularning zaxirasini yaratish, murabbiylar tayyorlashdagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan.

Hamyurtlarimizning Boltiqboʻyi davlatlariga tashrifi 24-iyungacha davom etadi.

Text to speech