21 Iyun 2022 1915

Osiyo chempionatida yana uch medal

Hindistonning Nyu-Deli shahri mezbonlik qilayotgan velotrek bo‘yicha Osiyo chempionatida terma jamoamiz navbatdagi medallarini qo‘lga kiritdi. Bu gal Vladislav Troman, Yanina Kuskova hamda Sofiya Karimova shohsupaga ko‘tarilishdi. 

Dastlab yoshlar toifasidagi bahslarda omnium dasturida ishtirok etgan Troman 126 ochko jamg‘arib, jamoamizga chempionat doirasidagi uchinchi bronza medalini taqdim qildi. Oltin medal qozog‘istonlik sportchiga nasib etgan bo‘lsa, Malayziya terma jamoasi vakili shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildi. 

Velotrek bo‘yicha OCh,

Yigitlar (U-20), omnium

1. Ilya Karabutov (Qozog‘iston) – 138 ochko

2. Mohd Muhammad Xafik (Malayziya) – 133 

3. Vladislav Troman (O‘zbekiston) – 126

Shuningdek, ushbu musobaqada delegatsiyamizning dastlabki medaliga mualliflik qilgan Yanina Kuskova bu safar ham yana bir bronza medaliga ega chiqdi. Sportchimiz ayollar o‘rtasida ochkolar bo‘yicha guruh poygasi mashqida Yaponiya va Koreya Respublikasi vakilalaridan keyin uchinchi natijani qayd etdi. 

Velotrek bo‘yicha OCh,

Ochkolar bo‘yicha guruh poygasi, ayollar

1. Uchino Tsuyaka (Yaponiya) – 63 ochko

2. Kang Xyunkyung (Koreya Respublikasi) – 43 

3. Yanina Kuskova (O‘zbekiston) – 28 ochko. 

Qolaversa, Sofiya Karimova ham mazkur qit’a birinchiligida yana bir medalni o‘z hisobiga yozib qo‘ydi. Kecha yoshlar o‘rtasida ochkolar bo‘yicha guruh poygasi dasturida bronza medaliga sazovor bo‘lgan Karimova bu gal skretch yo‘nalishida muvaffaqiyatli qatnashdi. 

Velotrek bo‘yicha OCh,

Skretch, qizlar (U-20)

1. Ne Si Xui (Malayziya)

2. Ikeda Mizuki (Yaponiya)

3. Sofiya Karimova (O‘zbekiston)

Shu tariqa, terma jamoamizning mazkur musobaqada qo‘lga kiritgan medallari 5 ta bronzani tashkil qilmoqda.

Text to speech