Mamlakat rekordi Tarasenko uchun yarim finalga chiqishga kamlik qildi
Vengriya poytaxti Budapesht shahrida suv sporti turlari boʻyicha oʻtkazilayotgan jahon chempionatining bugungi kun dasturlarida hamyurtlarimizning ishtiroki yakunlandi.
Maʼlum qilganimizdek, dastlab Aleksey Tarasenko 100 metrga erkin usulda suzish boʻyicha saralash bosqichida qatnashdi. Hamyurtimiz masofani 49.35 soniyada suzib oʻtib, ushbu dasturda Oʻzbekiston rekordini yangilashga muvaffaq boʻldi. Mazkur yoʻnalishda yarim finalga eng past natija bilan yoʻl olgan sportchi 48.51 soniyada marraga keldi. Alekseyning vaqti esa yakunda oʻttiz birinchi natija sifatida qayd etildi. Shu tariqa Tarasenko Budapesht shahrida oʻtkazilayotgan jahon chempionatidagi ishtirokini yakunladi. Maʼlumot uchun, bundan oldingi mamlakat rekordi Xurshid Tursunovga tegishli boʻlib, yangisidan 0.10 soniyaga pastroq boʻlgan.
Shuningdek, sinxron suzish boʻyicha terma jamoamiz aʼzolari Diana Onkes va Ziyodaxon Toshxoʻjayeva juftligi (Anna Vashenko zaxira sportchi) saralash bahslarida ishtirok etdi. Erkin duet dasturida qatnashgan vakillarimizning chiqishi hakamlar tomonidan 81.3333 ball bilan baholandi. Afsuski, ushbu natija terma jamoamiz aʼzolariga final yoʻllanmasi uchun yetmadi. Umumiy hisobda oʻn toʻrtinchi pogʻonani qayd etgan vakilalarimiz qitʼamiz miqyosida faqatgina xitoyliklardan kam ochko jamgʻarishdi. Final bosqichiga esa 12 jamoa yoʻllanma oldi.