21 Iyun 2022 1450

Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi V Islom birdamligi oʻyinlariga tayyorgarlikda yelkadosh ekanini bildirdi

Ayni paytda avgust oyida Turkiyaning Konya shahrida oʻtadigan V Islom birdamligi oʻyinlariga katta tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Bugun Turkiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisining oʻrinbosari Alijan Aksoy bilan ushbu mavzu yuzasidan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Martabali mehmonni Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qoʻmita raisi oʻrinbosari Azizjon Kamilov qarshi olishdi. Dastavval Alijan Aksoyga oʻzbek sportining boy tarixi, atletlarimiz soʻnggi Olimpiya oʻyinlarida qayd etgan natijalar haqida batafsil maʼlumot berildi. Shundan soʻng tomonlar hamkorlik masalalari boʻyicha muzokara olib borishdi.

Oybek Kasimov qardosh oʻzbek va turk xalqlarining hamkorligini sport yoʻnalishida davom ettirish, xususan, aloqalarni Konya shahrida oʻtadigan V Islom birdamligi oʻyinlariga tayyorgarlik orqali yanada mustahkamlash borasida fikr bildirdi. Azizjon Kamilov Qoʻmita Bosh kotibining fikrini davom ettirar ekan, taniqli diplomatni oktyabr oyida Toshkentda dzyudo boʻyicha ilk bor boʻlib oʻtadigan kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatiga taklif qildi.

Alijan Aksoy samimiy qabul uchun tashakkur aytib, hamkorlik rejalarini amalga tatbiq qilishga tayyor ekanini taʼkidladi. Shuningdek, u Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi oldinda turgan Islom birdamligi oʻyinlariga delegatsiyamizning tayyorgarligi va boshqa masalalarda qoʻldan kelgancha yordam koʻrsatishini bildirdi.

Suhbat davomida tomonlar kun tartibidagi qator mavzular boʻyicha oʻzaro fikr almashib, hamkorlikning keyingi qadamlarini kelishib olishdi.

Text to speech