21 Iyun 2022 1659

Xalqaro Olimpiya kunini “Yangi nafas” bilan qarshi olamiz

Har yili 23-iyun kuni dunyoning barcha burchaklarida sport, salomatlik va birdamlik bayrami – “Olimpiya kuni” sifatida nishonlanadi. Bu yil ham mamlakatimizda ushbu sanani katta shodiyona bilan qarshi olish rejalashtirilgan. Bugun Yoshlar ishlari agentligida ushbu tadbirga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Unda Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Sportni rivojlantirish vazirligi boshqarma boshligʻi Bahodir Mamatnazarov, Oʻzbekiston yengil atletika federatsiyasi Bosh kotibi Kamoliddin Roʻzimuhammedov, Yoshlar ishlari agentligi mutasaddilari, shuningdek, koʻp sonli OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Milliy Olimpiya qoʻmitasi bir qator tashkilotlar, sport federatsiya va assotsiatsiyalari bilan hamkorlikda joriy yil ham Xalqaro Olimpiya kunini katta shodiyona bilan kutib olishni niyat qilgan. Bayram bu yil ushbu kunning “klassik” tadbiri – ommaviy yugurish musobaqalari bilan oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Maʼlumki, Xalqaro Olimpiya kuni bayrami dunyoning koʻplab mamlakatlarida aynan ommaviy yugurish tadbiri bilan nishonlanadi. Bu yil hamyurtlarimiz mazkur sanani “Yangi nafas” marafoni bilan qarshi olishadi. Har yili oʻtkazib kelinadigan ushbu tadbir shu tariqa bu yil “Olimpiya kuni”ga ulanib ketadi.

Anjuman avvalida mutasaddilar Xalqaro Olimpiya kunining bu yil qanday nishonlanishi haqida maʼlumot berishdi. Jumladan, Oybek Kasimov “Olimpiya kuni” bayramining tarixi, sport olamida tutgan oʻrni haqida gapirar ekan, bu orqali davlatimiz rahbari ilgari surayotgan sogʻlom turmush tarzi targʻibotini kuchaytirish maqsadi turganini alohida taʼkidladi.

Shuningdek, Kamoliddin Roʻzimuhammedov musobaqa reglamenti, tashkiliy qoʻmita tomonidan olib borilayotgan tayyorgarliklar, bahslar poytaxtimizning qaysi koʻchalaridan oʻtishi haqida gapirdi. Unga koʻra, ishtirokchilar uchun katta qiyinchilik tugʻdirmaslik, imkoniyati cheklangan aholi qatlami vakillarini ham jalb qilish maqsadida poyga 3 km masofada oʻtkaziladi.

Rejaga koʻra, bu yilgi “Olimpiya kuni” bayram tadbirlari 26-iyun kuni boʻlib oʻtadi. Ushbu sanada Fargʻona, Namangan, Chirchiq, Guliston, Jizzax, Samarqand, Shahrisabz, Toshkent shaharlarida bir vaqtning oʻzida ommaviy yugurish tadbiri tashkillashtiradi. Unda har bir shaharda kamida 2 000 nafardan ziyod ishtirokchi qatnashishi kutilmoqda.

Qayd etish joiz, Xalqaro Olimpiya qoʻmitasi boʻlajak bayramni aynan 23-iyun sanasida emas, unga yaqin boʻlgan kunlarda ham nishonlash mumkinligi boʻyicha tavsiya berib keladi. Anjuman davomida mutasaddilar jurnalistlarning tashkiliy jarayon bilan bogʻliq savollariga batafsil javob berishdi.

Text to speech