20 Iyun 2022 1282

Sportimiz mutasaddilari kubalik mutaxassis bilan uchrashishdi

Kuni kecha boks boʻyicha kubalik taniqli mutaxassis, professor Karlos Ivan Fuentos Vilyanuyeva Oʻzbekiston terma jamoasida faoliyat boshlagani haqida maʼlum qilgan edik. Bugun Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati tajribali mutaxassis bilan uchrashib, oldindagi rejalarni muhokama qilib oldi.

Uchrashuvda Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov va uning oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov ishtirok etishdi. Unda Kuba tajribasidan foydalangan holda mahalliy bokschilar mahoratini oshirish, murabbiylarining tajribasini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi. Oʻz navbatida, xalqaro mutaxassis Respublikada faoliyat yuritayotgan boks maktablarini oʻrganish, mashgʻulotlarda ishtirok etish istagi borligini maʼlum qildi.

Mutasaddilarimiz suhbat davomida viloyatlardagi sport maktablarida boks bilan shugʻullanib kelayotgan yoshlarning ham jismonan, ham ruhan tayyorgarliklarini kuchaytirishda xorijiy tajriba muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlashdi. Bunga javoban, professor Karlos Vilyanuyeva yaqin kunlarda oʻz ishini Qashqadaryo viloyatiga borish va sport maktablarini koʻzdan kechirishdan boshlashini maʼlum qildi.

Text to speech