20 Iyun 2022 1624

Oʼsmirlar oʼrtasidagi dunyo birinchiligida munosib qatnashgan yosh ogʼir atletikachilarimiz kutib olindi

Meksikaning Leon shahrida ogʼir atletika boʼyicha oʼsmirlar oʼrtasida jahon chempionati boʼlib oʼtgani haqida xabar bergan edik. Bugun tunda musobaqada yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan yoshlarimiz diyorimizga qaytib kelishdi.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oʼtgan tantanali kutib olish marosimida Sportni rivojlantirish vazirining oʼrinbosari, Oʼzbekiston ogʼir atletika federatsiyasi raisining birinchi oʼrinbosari Shahrullo Mahmudov, Oʼzbekiston ogʼir atletika federatsiyasi raisining oʼrinbosari Rahmon Xolmirzaev, federatsiyaning boshqa mutasaddilari, sportchilarimizning yaqinlari ishtirok etishdi. Shahrullo Sharipovich atletlarimizni qoʼlga kiritilgan muvaffaqiyat bilan qutlab, ularga kelgusi musobaqalarda ham Yangi Oʼzbekiston sharafini munosib himoya qilishlarini tilab qoldi.

Maʼlumot uchun, murabbiy Nurillo Togʼaev boshchiligida qatnashgan 4 nafar sportchimizning barchasi ushbu dunyo birinchiligida shohsupaga koʼtarilishdi. Diyorbek Ermatov, Аbrorbek Maʼrufbekov, Qudratbek Salimjonov va Nigora Suvonovadan iborat jamoamiz 8 ta kumush va 2 ta bronza, jami 10 ta medalga sazovor boʼldilar.

Endi sportchilarimiz qisqa hordiqdan soʼng kelasi oy poytaxtimizda oʼtadigan oʼsmirlar va yoshlar oʼrtasidagi Osiyo chempionatiga tayyorgarlikni davom ettirishadi.

Text to speech