19 Iyun 2022 1528

Temur Kapadze: “Futbolchilarim bilan faxrlanaman!”

Diyorimizda oʼtkazilgan futbol boʼyicha U23 Osiyo kubogi finalidan soʼng jamoamiz bosh murabbiyi Temur Kapadze ham chempionlik oʼyinidan keyingi fikrlarini bildirib oʼtdi. 

“Bugun gʼalaba bilan xalqimizni, muxlislarimizni xursand qilmoqchi edik. Buning uchun uzr soʼraymiz. Chempionlik bu gal nasib qilmagan ekan. Xudo xohlasa, keyingi musobaqada gʼalaba bilan barchani xursand qilamiz”, – dedi T.Kapadze.

– Boʼriev birinchi gol yuzaga kelgan vaziyat va baʼzi epizodlarda markaziy himoyachilarga qoʼshilib ketdi. Bu sizning koʼrsatmangizmidi?

– Yoʼq, bu faqat oʼsha vaziyatda yuzaga keldi. Bunday vaziyatda hamma sheriklariga yordam berish uchun harakat qiladi. Har bir uchrashuvda yigitlarim qahramonlik koʼrsatishdi. Bugun qaerdadir xato qildik, qaerdadir hayajon uchradi. Bu final bizga katta maktab boʼldi. Bu gʼalabadan keyin yana ham kuchli boʼlamiz. 

– Charchoq magʼlubiyatning asosiy sababimi? Yetakchilar nega oʼzlarini koʼrsata olishmadi? 

– Charchoq bunday turnirda barchada kuzatiladi. Аyniqsa, finalgacha kelganlarda. Bugun yigitlar borini berib harakat qilishdi. Har xil vaziyatlar bizga salbiy taʼsir qildi. Аyniqsa, maydon bor oʼyinimizni koʼrsatishga halaqit berdi. 

– Bu musobaqadan xulosalar . . .

– Аsosiy maqsadimiz Parij-2024 yoʼllanmasini qoʼlga kiritish. Shuning uchun harakat qilyapmiz. Finalgacha kelganimiz biz uchun katta natija. Buni chempionlikka teng deyish mumkin. Bu turnir orqali yigitlarimda yuzaga kelgan jismoniy va ruhiy kamchiliklarni koʼrib oldim. Shunday boʼlsa ham, ular bilan faxrlanaman va musobaqadagi oʼyinlari uchun rahmat aytaman. 

– Qisqa tanaffusdan keyin ichki chempionat bahslari boshlandi. Yangi turga “Olimpik” uchun ushbu jamoadan oʼyinchilar jalb qilinadimi?

– Hozirgi jamoada ruhiy holat bunga tayyor emas. Bugun chempionlikni niyat qilgan edik. Shu bois ruhiya tomondan ozroq tushkunlik bor. Ertaga vaziyatga qaraymiz. Bugungi oʼyin tugadi, tarixda qoldi va endi yangi marralar sari harakatlanamiz. Chempionat bahslariga kim jismoniy va ruhiy tayyor boʼlsa, oʼshalardan foydalanishda davom etamiz.

Text to speech