19 Iyun 2022 1968

Oʼzbek va jahon sporti afsonasi Oksana Chusovitina 47 yoshda!

Bugun oʼzbek va jahon sportining yorqin vakili Oksana Chusovitina oʼz tavallud ayyomini nishonlamoqda.

Oksana Аleksandrovna Chusovitina 1975 yil 19 iyunь kuni Buxoro shahrida tugʼilgan. Jahonda sport gimnastikasi tarixida 8 ta Olimpiya oʼyinlarida ishtirok etgan yagona sportchi (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016, 2020). 1992 yil Barselonada oʼtgan Olimpiya oʼyinlari oltin medali sohibi, Pekin-2008 Olimpiadasining kumush medalь sovrindori. 3 karra jahon chempioni. 

Tayanib sakrash, erkin mashq va parallelь toʼsinlarda bir necha murakkab elementlar muallifi. Osiyo oʼyinlari va Osiyo chempionati gʼolibi, faoliyatini yakunlamasdan turib, gimnastikaning rivojiga qoʼshgan xissasi uchun Xalqaro gimnastika shon-sharaf zalidan oʼrin olgan yagona sportchi. Shuningdek, u sport gimnastikasida 8 ta Olimpiya oʼyinlarida ishtirok etgan ayol sportchi sifatida “Ginnesning rekordlari” kitobiga oʼz nomini yozdirib qoʼygan.

Oksana Аleksandrovna davlatimiz tomonidan “Oʼzbekiston iftixori”, “Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan sportchi”, “Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan sport ustozi” faxriy unvonlari, “Doʼstlik”, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlangan.

Oʼzbekiston Milliy Olimpiya qoʼmitasi, Oʼzbekiston sport faxriylari kengashi Oksana Chusovitinani bugungi tavallud ayyomi bilan tabriklab, unga uzoq umr, sihat-salomatlik va ulkan gʼalabalar tilab qoladi.

Text to speech