18 Iyun 2022 1392

Mamlakatimizda bokschilar tayyorlashning milliy standarti joriy qilinadi, jamoamizda kubalik professor ish boshladi

Xabaringiz bor, 23-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida sportni ommalashtirish, sport taʼlimini yaxshilash va iqtidorli sportchilarni tayyorlash boʻyicha katta yigʻilish tashkil etilgan edi. Bu borada Oʻzbekiston boks federatsiyasi tegishli chora-tadbirlarni olib bormoqda. Bungacha federatsiya rahbariyati viloyatlarda safarda boʻlib, hududlardagi vaziyat va holatlarni oʻrgandi.

Ana shu ishlarning mantiqiy davomi sifatida federatsiya seleksiya tizimini rivojlantirish boʻyicha navbatdagi katta qadamni tashladi. Prezident topshirigʻi asosida boksi jahonda taraqqiy etgan Kubada zamonaviy boks maktabining bugungi uslubini yoʻlga qoʻygan va dunyo tan olgan tajribali mutaxassislardan biri Karlos Vilyanuyeva endi Oʻzbekiston boks federatsiyasida maslahatchi sifatida ish boshladi. Bu haqida federatsiya matbuot xizmati maʼlum qilmoqda.

Maʼlumot uchun, Karlos Vilyanuyeva ulkan tajribaga ega boks professordir. Sohada 48 yillik tajribaga ega. Shogirdlari qatorida Olimpiya oʻyinlari va jahon chempionatlarining oltin medal egalari bor. Bir qator tajribali murabbiylarning, shu jumladan bugungi kunda Kuba terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishlayotgan Rolando Asebalning ham ustozi hisoblanadi.

Mutaxassis Oʻzbekiston boks tizimini oʻrganib, tahlil asosida mamlakatimizda bokschilar tayyorlashning yagona uslubiy qoʻllanmasini yaratish ishlarida yaqindan yordam beradi. Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston boks federatsiyasi raisining birinchi oʻrinbosari Saken Polatov boshchiligida oʻtkazilgan yigʻilishda OʻzDJTSUda faoliyat olib boruvchi professor, dotsentlar bilan birgalikda ushbu loyiha muhokama qilindi.

Yana bir yangilik: rejaga binoan, endi Oʻzbekistonda bokschilarni tayyorlashning milliy standarti ishlab chiqiladi. Ana shu standart Bolalar va oʻsmirlar sport maktablari, boks maktablari, Olimpiya zaxiralari kollejlarida joriy qilinadi va yangi tizim asosida bokschilar tayyorlanadi. Bu esa oʻz navbatida, seleksiyani samarali tashkil etish, yangidan-yangi nomlarni kashf etishda muhim ahamiyatga ega boʻladi.

Text to speech