17 Iyun 2022 1311

Sportni rivojlantirish vaziri Andijon viloyatida “Besh tashabbus Olimpiadasi”ga olib borilayotgan tayyorgarlik bilan tanishdi

Andijon viloyati “Besh tashabbus Olimpiadasi” doirasida oʻtkazilayotgan shashka va workout bellashuvlarining Respublika bosqichiga mezbonlik qiladi. Bugun Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov hal qiluvchi bosqichga koʻrilayotgan tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishish, tashkilotchilarga amaliy yordam va tavsiyalar berish maqsadida Andijonda boʻldi.

Vazir dastlab Andijon shahridagi Bolalar-oʻsmirlar sport maktabida shashka boʻyicha Respublika bosqichi musobaqasiga koʻrilgan tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi. Musobaqaga mamlakatimizning barcha hududlaridan keladigan sportchi yoshlarni kutib olish, bellashuvlar maydoniga olib borish, ovqatlanish va dam olish uchun yaratiladigan sharoitlarning holati asosiy eʼtibor markazida boʻldi.

Shu bilan birga musobaqalardan soʻng madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etish va unda taniqli sportchilarning ishtirokini taʼminlash yoshlarimizga joʻshqin kayfiyat bagʻishlashi alohida qayd etildi.

Andijon Olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejida bu borada amalga oshirilgan ishlar, sportchilarning dam olishi, ovqatlanishi, turli madaniy tadbirlarga jalb qilinishi masalalari yana bir bor puxta ishlab chiqilishi yuzasidan zarur taklif va tavsiyalar berildi.

Shuningdek, Andijon viloyatidagi sport inshootlarini kapital taʼmirlash ishlari ham eʼtibor markazida boʻldi. Xususan, sport kollejida amalga oshirilayotgan mukammal taʼmirlash jarayonida sportchilarning nafaqat dars va mashgʻulotlarda qatnashishi, balki ularning tibbiy xizmatdan foydalanishi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan shugʻullanishi uchun sharoit yaratish zarurligi aytib oʻtildi. Asosiy maqsad – mamlakatimizning ertasi boʻlgan yoshlarni yanada yetuk sportchilar etib tarbiyalashdan iborat. Tashrif davomida hududlardagi sport mutasaddilariga ushbu jihatlarga alohida eʼtibor va masʼuliyat bilan yondashish zarurligi uqtirildi.

Text to speech