17 Iyun 2022 1715

Federatsiya raisi Osiyo chempionati sovrindorlarini taqdirladi

Bugun poytaxtimizda qilichbozlik boʻyicha “Kuchlilar turniri” musobaqasi start oldi. Musobaqaning ochilish marosimida Oʻzbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi Maqsud Abdusamatov ishtirok etib, kuni kecha Koreya Respublikasidan Osiyo chempionatida sovrindor boʻlib qaytgan jamoamiz vakillarini taqdirladi.

Qitʼa birinchiligida sovrindor boʻlgan 4 nafar sportchimiz va ularning murabbiyiga 10 million soʻm miqdorida bir martalik pul mukofoti topshirildi.

Marosim yakuniga yetgach turnirga start berildi. Unda Respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 100 nafardan ortiq sportchi ishtirok etmoqda. Bugun reglament boʻyicha shpaga boʻyicha gʻolib va sovrindorlar aniqlab olindi. Unda yigitlar oʻrtasida Meyirxan Timurov, qizlar bahsida esa Shahzoda Egamberdiyeva birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

“Kuchlilar turniri”. Shpaga, erkaklar:
1. Meyirxan Timurov (Navoiy)
2. Muhammadyusuf Siddiqov (Toshkent)
3. Sarvar Islomov (Navoiy)
3. Ahmadxon Fayziyev (Buxoro)

Qizlar:
1. Shahzoda Egamberdiyeva (MHSK)
2. Veronika Rojkova (Toshkent)
3. Amaliya Albekova (Toshkent)
3. Nargiza Karimova (Navoiy)

Turnir faqat yakkalik yoʻnalishida oʻtkazilmoqda. Ertaga rapira qurolida gʻolib va sovrindorlar aniqlab olinadi.

Text to speech