16 Iyun 2022 1596

Konya-2021: Musobaqada qaysi jamoaviy sport turlarida qatnashamiz?

Yana sanoqli kunlardan soʻng Turkiyaning Konya shahrida Islom birdamligi oʻyinlari start oladi. Tashkiliy qoʻmita Oʻyinlarning reglamenti va musobaqada ishtirok eta oladigan jamoalardan kelib tushgan talabnomalar boʻyicha har bir dasturda qatnashadigan davlatlar nomini eʼlon qildi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbari oʻtgan yili Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlaridan qaytib kelgan delegatsiyamizni qabul qilar ekan, kelgusi Olimpiadalarda jamoaviy dasturlarda ham litsenziya qoʻlga kiritish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab bergan edi. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Sportni rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda bu yoʻnalishdagi ishlarni boshlab yuborgan boʻlib, Islom birdamligi oʻyinlarida jamoaviy dasturda qatnashadigan 2 ta terma jamoamiz mazkur harakatning amaliy natijasi deyish mumkin.

Boʻlajak musobaqada hamyurtlarimiz gandbol va 3x3 basketbol boʻyicha ayollar oʻrtasidagi bahslarda medallar uchun kurash olib borishadi. Kompleks musobaqa qoidalariga koʻra, jamoaviy sport turlarida ajratilgan kvotalar boʻyicha jahon reytingidagi mos davlatlar tanlab olinadi. Shu bois gandbol va 3x3 basketbol boʻyicha erkaklar, shuningdek, voleybol hamda futbol boʻyicha ham erkaklar, ham ayollar jamoalarimiz kerakli reyting pogʻonalariga kira olmagani uchun bu yilgi Islom birdamligi oʻyinlarida qatnasha olmaydi. Qurʼa tashlash marosimi 3-iyul kuni boʻlib oʻtadi.

Maʼlumot uchun, bir yilga kechiktirilgan mazkur V Islom birdamligi oʻyinlari 9-18-avgust kunlari boʻlib oʻtadi. Unda Oʻzbekiston delegatsiyasi 23 sport turida 270 ga yaqin atlet bilan qatnashishi rejalashtirilgan.

Text to speech