Temur Kapadze: “Bizning avlod ham chempion boʻlishni maqsad qilgan”
Futbol boʻyicha Oʻzbekiston Olimpiya terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze Osiyo kubogi yarim finalida qoʻlga kiritilgan gʻalabadan soʻng matbuot anjumanida qatnashib, oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi.
“Birinchi navbatda hammani gʻalaba bilan tabriklayman. Biz finaldamiz! Yaponiya kuchli jamoa, tayyorgarlik jarayonida ularni yaxshilab oʻrganishga harakat qildik. Bugun yigitlar raqibga har tomonlama imkoniyat qoldirmay gʻalaba qozonishdi”, – dedi T.Kapadze.
– Bugun nimaning hisobiga gʻalaba qozondingiz deb oʻylaysiz?
– Hamma sirlarni ham ocha olmayman, albatta. Biz bu uchrashuvga katta hajmda tayyorgarlik koʻrgan edik. Yigitlar qoʻyilgan vazifani maromiga yetkazib bajarishgani buning asosiy sabablardan.
– Bugun muxlislar tashrif buyurmagan boʻlsalar ham, OAV vakillari ajoyib qoʻllashdi. Buni ham his qildilaringmi?
– Shubhasiz, muxlislar bilan umuman boshqacha oʻyin boʻlar edi. Biz oʻz uyimizda ekanimizni, stadion atrofida, televizor qarshisida qanchadan qancha yurtdoshlarimiz qoʻllab turishganini his qilar edik. Buning uchun barcha yurtdoshlarimizga tashakkur aytaman.
– Birinchi taymdan soʻng imkoniyatlarimiz kamdek tuyilgan edi. Tanaffusda yigitlarga nimalar dedingiz?
– Bunday oʻyinlarda 1-2 vaziyat bahs taqdirini hal qiladi. Raqiblar qayerdadir xato qilishini bilar edik. Jasurning ajoyib zarbasi bilan hisobni ochishga muvaffaq boʻldik. Koʻrganingizdek, ular yoʻl qoʻyilgan xatoni topa oldik va bundan unumli foydalanib gʻalaba qozondik.
– Oʻyindan avval Sizning koʻproq “Paxtakor” stadionida oʻynashni maʼqul koʻrayotganingiz haqida gaplar tarqaldi. “Bunyodkor”ning holati haqida nima deya olasiz?
– Yarim final emas, finalni ham “Paxtakor”da oʻtkazishni xohlagan boʻlar edik. “Paxtakor”da maydon holati yaxshi, havo ham maromida aylanadi. Bu yigitlar uchun juda qulay. “Bunyodkor”da maydon ancha “ogʻir” boʻlishi va oʻyinda nafas olish qiyinlashishi barchaga noqulaylik tugʻdiradi. Lekin bu OFK belgilagan shart. Finalda ham shu stadionda harakat qilamiz.
– Final yoʻllanmasi taassurotlari . . .
– Bu katta gʻalaba biz uchun. Ammo bu bilan toʻxtab qolmaymiz. Saudiya Arabistonining ham kuchini yaxshi bilamiz. Ular bilan koʻp toʻqnash keldik. Avval jamoamiz ushbu yosh toifasida gʻalaba qozongan. Biz ham chempion boʻlishni istaymiz.