Osiyo kubogining ilk finalchisi aniq
Mamlakatimizda oʻtkazilayotgan futbol boʻyicha U23 Osiyo kubogida final yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan dastlabki jamoa nomi maʼlum boʻldi. Avstraliya va Saudiya Arabistoni jamoalari oʻrtasidagi bahsda Arabiston yarim oroli vakillari ustun kelishdi.
Uchrashuvning 20-daqiqasida Xolid Al Eysa hisobni ochdi. Oradan koʻp oʻtmay avstraliyaliklar oʻyinchisi qizil kartochka olib, jamoasini murakkab vaziyatga solib qoʻydi. Ikkinchi taymda asosan qarshi hujumda harakat qilgan arablar 72-daqiqada yuzaga kelgan vaziyatdan unumli foydalanib, oradagi farqni ikkitaga yetkazib olishdi. Ahamiyatlisi, hakam tomonidan asosiy vaqtga qoʻshib berilgan daqiqalarda har ikki jamoa vakillari belgilangan penaltilardan unumli foydalana olishmadi.
Shu tariqa, 2:0 hisobida gʻalaba qozongan Saudiya Arabistoni U23 jamoasi ketma-ket ikkinchi bor mazkur musobaqada final yoʻllanmasiga sazovor boʻlmoqda. Eslatib oʻtamiz, ikkinchi finalchi nomini bugun 21:00 da boshlanadigan Oʻzbekiston va Yaponiya jamoalari oʻrtasidagi bahsdan soʻng boʻlib olamiz.