15 Iyun 2022 1497

Oybek Kasimov RSTIAM mutasaddilari bilan Tibbiyot markazi faoliyatini takomillashtirish masalasini muhokama qildi

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov Qoʻmita qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi (RSTIAM) faoliyatini yanada kuchaytirish mavzusida yigʻilish oʻtkazdi. Unda MOQ raisi maslahatchisi Alisher Karimov, shuningdek, Kamol Sirojiddinov boshchiligidagi Tibbiyot markazi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Dastavval Kamol Sirojiddinov soʻnggi davrda sportchilarimiz uchun koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash, ularga yoz faslidagi tekshiruvlar davomida qulay sharoit yaratish boʻyicha olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi. Kamol Komilovich bunga qoʻshimcha ravishda hozirda Tibbiyot markazi shifokorlari har bir federatsiyalarga borib, atletlarimizning salomatligini oʻrganib kelayotgani, kelgusida ushbu yoʻnalishda grafik asosida mutaxassislar federatsiyalarga biriktirilgan holda muntazam nazorat ishlarini olib borishlarini aytib oʻtdi. Qolaversa, endilikda Respublikamiz boʻylab ham hududlarda sport tibbiyoti yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish rejasi borligi taʼkidlandi.

Shundan soʻng MOQ Bosh kotibi oldinda turgan yirik turnirlarda jamoalarimizning muvaffaqiyatli ishtirok etishida sohaning ahamiyati haqida toʻxtaldi. Oybek Kasimov xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlar zamirida sport tibbiyotining alohida oʻrni borligi, Tibbiyot markazi shifokorlari Konya shahrida oʻtadigan Islom birdamligi oʻyinlariga tayyorgarlik koʻrayotgan jamoalar bilan koʻproq ishlashi lozimligi, amalga oshirilayotgan vitaminizatsiya jarayonini ishonchli va sifatli mahsulotlar bilan uzluksiz yoʻlga qoʻyish haqidagi tavsiyalarini berdi.

Yigʻilish davomida RSTIAM direktori federatsiyalarga tashrif chogʻida tor doirasidagi mutaxassislarni ham jalb qilish taklifini ilgari surdi. Shuningdek, uchrashuvda tibbiyot markazi faoliyatini yanada yaxshilash boʻyicha yana baʼzi masalalar muhokama qilindi va yangi gʻoyalar ilgari surildi.

Text to speech