14 Iyun 2022 844

Go Oiava: “Jamoamizning bosh maqsadi chempionlikni qoʼlga kiritish”

“Bunyodkor” stadionida futbol boʼyicha U23 Osiyo kubogi yarim finali oldidan oʼtgan matbuot anjumanida Yaponiya terma jamoasi bosh murabbiyi Go Oiava ham ishtirok etib, hamyurtlarimizga qarshi boʼlajak bahs oldidan oʼz fikrlari bilan oʼrtoqlashdi:

“Yarim finalga yoʼl olganimizdan xursandmiz. Keyingi oʼyin mezbon Oʼzbekiston bilan kechadi. Bu juda murakkab bahs boʼladi. Shunday boʼlsa ham, biz final uchun harakat qilamiz”, – dedi murabbiy.

– Аvval har bir oʼyinda hujumkor oʼyin namoyish etishingizni aytgan edingiz. Ertaga ham shunday boʼladimi?
– Bu bizning oʼyin usulimiz. Аlbatta, futbolchilarimdan shunday talab qilaman va shunga mos yigitlar jamoaga tanlab olingan. Oʼzbekistonga qarshi yarim finalda ham bor kuchimizni ishga solamiz. Jamoamizning bosh maqsadi chempionlikni qoʼlga kiritish.

– 2018 yil Osiyo kubogida ushbu jamoalar bahsida Oʼzbekiston 4:0 hisobida gʼalaba qozongan edi. Ertangi bahsdan qanday syurprizlar kutmoqdasiz?
– Oʼsha turnirdagi gʼalaba “sovgʼa” boʼlmagan, unda ham Oʼzbekiston kuchli shakllangan edi. Hozir ham mezbonlarda mahoratli oʼyinchilar bor. Oʼzbekiston jamoasini hurmat qilgan holda maydonga chiqamiz. Biz hozir oʼtgan oʼyinlar haqida emas, boʼlajak bahs haqida oʼylayapmiz.

– Muxlislar bosimi qanday taʼsir oʼtkazishi mumkin?
– Mezbon jamoaga qarshi katta oʼyinlarda koʼp sonli tomoshabinlarning bosimi normal holat. Ertaga biz ham ana shunday vaziyatda oʼzbekistonlik futbolchilarga qarshi harakat qilamiz. Bunda bor eʼtiborimizni oʼz oʼyinimizga qaratamiz.

– Oʼzbekistonning asosiy darvozaboni ertaga oʼynay olmaydi. Umuman, mezbonlarning qaysi pozitsiyalarini kuchli, deb bilasiz?
– Ularning oʼyinlarini tahlil qilayotganda har bir chiziqda kuchli oʼyinchilarni koʼrdim. Mezbon jamoada tezkor va jismonan kuchli futbolchilar yigʼilgan. Biror chiziqni kuchli yoki kuchsiz demagan boʼlar edim. Darvozabon masalasiga toʼxtalsak, zaxiradan maydonga tushgan futbolchi ham oʼz mahoratini namoyish qildi.

Text to speech