14 Iyun 2022 1419

Temur Kapadze: “Muxlislarimizni xursand qilishda davom etamiz”

Xabaringiz bor, ertaga mamlakatimizda oʼtkazilayotgan futbol boʼyicha U23 Osiyo kubogining yarim final bahslari boshlanadi. Bugun “Bunyodkor” stadionida ishtirokchi jamoalar bosh murabbiylari va sardorlari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda jamoamiz nomidan Temur Kapadze va Jasur Jaloliddinov qatnashdi.

“Yarim finalga yoʼl olganimizdan xursandmiz. Xar bir oʼyin oʼziga yarasha qiyin boʼldi. Oldimizda Yaponiyaga qarshi yana bir murakkab uchrashuv kutib turibdi. Umid qilamanki, unda ham gʼalaba qozonib, oʼz oldimizga qoʼygan maqsadimizga yetishamiz”, – dedi T.Kapadze.

“Finalga chiqishni xohlaymiz. Ertaga qiyin oʼyin boʼladi. Yaponiyani hurmat qilamiz. Ular chorak finaldagidek provokatsion oʼyin qilishmaydi. Shundan aytish mumkinki, ertaga haqiqiy futboldan bahra olamiz”, – dedi jamoa sardori.

– Jamoangiz chorak finalda 120 daqiqa oʼynadi. Tiklanish jarayoni qanday kechmoqda?
– Chorak finaldan keyin ham ruhiy, ham jismoniy charchoq boʼldi. Аsosiysi gʼalaba qozonib, yarim finalga chiqdik. Hozirda tiklanish jarayoni kechmoqda. Umid qilamizki, ertangi bahsga har tomonlama tayyor boʼlib ulguramiz.

– Tarkib jihatdan kuchli Yaponiyaga qarshi maydonga chiqasizlar. Boʼlajak raqib haqida nima deysiz?
– Yaponiya hamisha kuchli jamoa bilan musobaqalarga keladi. Ularni oʼrganib chiqyapmiz. Har bir jamoaning zaif tomoni boʼladi. Biz ulardan unumli foydalangan holda oʼz oʼyinimiz bilan gʼalaba qozonishga harakat qilamiz.

– Chorak finaldan keyin Yaponiya murabbiyi oʼz yoʼnalishida qolib, hujumkor oʼyin namoyish etishini aytdi. Siz ham bunga javoban ochiq futbolga mos taktika tayyorlaysizmi?
– Ularning hamma oʼyinini koʼrib chiqdik. Hujum tashkil qilish tomondan ular ancha kuchli. Biz ham kerakli paytda ham hujum, ham himoyada oʼynaymiz. Ertaga gʼalaba uchun maydonga chiqamiz va bu uchun nima kerak boʼlsa, shuni qilamiz.

– Neʼmatov Yaponiyaga qarshi oʼynay olmaydi. Bu hol futbolchilarning ruhiyatiga taʼsir oʼtkazmaydimi?
– Neʼmatov biz uchun katta yoʼqotish. Erta chetlatishdan soʼng oʼyinda yigitlar oʼzlarini yoʼqotib qoʼyishmadi, aksincha, yana ham kuchli oʼyin namoyish etishdi. Bu futbolda uchrab turadigan holat. Ertangi bahsda tarkibdagi boshqa darvozabon bilan harakat qilamiz.

– Qoʼshimcha daqiqalar va penalьtilar seriyasiga ham tayyorlanayapsizmi?
– Аlbatta, bunga ham tayyorgarlik koʼrilmoqda. Ruhiyat ham, jismoniy holat ham bunda katta rolь oʼynaydi. Turli vaziyatlarga tayyormiz. Yigitlarimga ishonaman. Nasib qilsa, hammasi yaxshi boʼladi. Buning uchun qoʼldan kelganini qilamiz.

– Аgar OFK yarim finalni muxlislarsiz oʼtkazish boʼyicha qaror qabul qilsa, bu oʼyinga qanday taʼsir oʼtkazadi?
– Muxlislar bilan doimo boshqacha oʼyin boʼladi. Аyniqsa, oʼz uyingda oʼtadigan bunday musobaqada. Muxlislar bizga katta motivatsiya berishyapti. Sezamizki, ular oynayi jahon orqali bizni qoʼllab-quvvatlab turishadi. Nima boʼlganda ham, ertaga yarim finalda maydonna chiqamiz va ularni xursand qilishda davom etamiz.

Text to speech