13 Iyun 2022 2818

Parij-2024 Paralimpiya oʻyinlariga dastlabki yoʻllanma qoʻlga kiritildi

4-12-iyun kunlari Fransiyaning Shatoru shahrida para oʻq otish boʻyicha oʻtkazilgan Jahon kubogida hamyurtimiz Server Ibragimov 50 metrga toʻpponchadan otish boʻyicha bahslarda bronza, 10 metr masofadagi dasturda esa kumush medalga sazovor boʻldi.

Oʻzbekiston Milliy Paralimpiya qoʻmitasining maʼlum qilishicha, sportchimiz ushbu natijasi bilan delegatsiyamiz hisobiga 2 ta medalni yozdirib qoʻyish bilan bir qatorda, 2024-yil Parijda boʻladigan XVII yozgi Paralimpiya oʻyinlariga litsenziyani ham qoʻlga kiritdi. Shu tariqa, Server Ibragimov Parij-2024 Paralimpiya oʻyinlariga litsenziya qoʻlga kiritgan ilk oʻzbekistonlik sportchiga aylanmoqda.

Maʼlumot uchun, Ibragimov para oʻq otish boʻyicha bir necha bor jahon va Osiyo chempionatlari sovrindori, shuningdek, Rio-2016 yozgi Paralimpiya oʻyinlari bronza medali sohibi hisoblanadi. Yana bir ahamiyatli tomoni, ushbu sportchimiz Tokio-2020 siklida ham Paralimpiyachilarimizning litsenziya hisobini boshlab bergan edi.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Milliy Paralimpiya qoʻmitasi va sportchimizni ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklab, bunday natijalar bardavom boʻlishi tilab qoladi.

Text to speech