13 Iyun 2022 1993

Chim ustida xokkey boʻyicha ayollar terma jamoamiz ham Osiyo oʻyinlariga yoʻl oldi

Ayni kunlarda Indoneziyada chim ustida xokkey boʻyicha ayollar oʻrtasida Xanchjou-2022 Osiyo oʻyinlari uchun saralash musobaqasi boʻlib oʻtmoqda. Quvonarlisi, unda ishtirok etayotgan qizlarimiz muddatidan avval Osiyo oʻyinlariga yoʻllanma olishdi.

Bugun jamoamiz Kambodja ustidan yirik 8:0 hisobida gʻalaba qozondi. Bu gʻalaba bilan xokkeychi qizlarimiz muddatidan avval Xanchjou-2022 yoʻllanmasiga sazovor boʻlishdi. Reglamentga koʻra, aylana tizimda oʻtayotgan litsenzion turnirda kuchli oltitalikka kirgan jamoalar boʻlajak Osiyo oʻyinlarida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritishadi. Shu tariqa, jamoamiz turnir yakunlanishidan 1 tur avval oldinga qoʻyilgan vazifani uddaladi. Xokkeychi qizlarimizning musobaqada qayd etib kelayotgan natijalari bilan tanishing:

1-tur: Oʻzbekiston – Gonkong 0:4
2-tur: Oʻzbekiston – Qozogʻiston 0:2
3-tur: Oʻzbekiston – Indoneziya 2:1
4-tur: Oʻzbekiston – Singapur 0:2
5-tur: Oʻzbekiston – Kambodja 8:0

6-tur: Oʻzbekiston – Shri-Lanka (14-iyun)

Eslatib oʻtamiz, oʻtgan oy ushbu sport turida erkaklar jamoamiz Tailandda oʻtgan kvalifikatsion musobaqa orqali ilk bor Osiyo oʻyinlari yoʻllanmasiga ega boʻlgan edi. Shu tariqa, Parij-2024 Olimpiadasi uchun litsenzion xarakterga ega boʻlgan Xanchjou-2022da chim ustida xokkey boʻyicha ham erkaklar, ham ayollar jamoalarimiz yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi ushbu muvaffaqiyat bilan Oʻzbekiston chim ustida xokkey federatsiyasi va sportchilarimizni, terma jamoa murabbiylar shtabini tabriklab qoladi.

Text to speech