13 Iyun 2022 1640

Sherzod Tashmatov Malaka oshirish instituti rahbari bilan Surxondaryo viloyatidagi sport dargohlarining faoliyatini o‘rgandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 23 may kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida bergan topshiriqlari, shuningdek, 6 iyundagi jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid imzolagan 3 ta yangi Qarori asosida olib borilayotgan o‘rganish ishlari davom etmoqda. Bu safar MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov hamda Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malaka oshirish instituti rahbari Ilhomjon Tursunaliyevdan iborat ishchi guruh Termiz shahrida bo‘ldi.

Termiz Olimpiya zaxiralari kollejida o‘tgan uchrashuvda viloyatdagi soha mutaxassislari bilan dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Ochiq muloqot tarzida o‘tgan suhbat davomida sohadagi muammolar o‘rtaga tashlanib, ularning yechimi, kelib chiqish sabablari chuqur o‘rganildi. Har bir viloyatda bo‘lgani kabi iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish bo‘yicha taekvondo va dzyudo sporti misolida ishlab chiqilgan yangi tizim taqdimoti o‘tkazildi. Qayd etish joiz, yig‘ilishda qatnashgan taniqli dzyudochi, Tokio-2020 ishtirokchisi va JCh sovrindori, hozirda murabbiylik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan Sharofiddin Lutfullayev mazkur loyihani qo‘llab-quvvatladi.

Tashrif davomida mutasaddilar viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi va dzyudo federatsiyasi mutasaddilarining hamrohligida bir qator sport maktablari, xususan, Termiz OZK faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Sherzod Tashmatov maskanlardagi oshxonalar faoliyatiga ham ahamiyat qaratdi. Yosh sportchilar uchun tayyorlanayotgan ovqatlar ratsioni, haftalik menyular bilan yaqindan tanishib, uning tarkibini yanada faol ozuqaviy moddalar bilan boyitish bo‘yicha qo‘shimcha tavsiyalar berdi.

Ishchi guruh safar doirasida Termizdagi sport maskanlari va kollej faoliyatini o‘rganibgina qolmay, Boysun tumanida ham bo‘ldilar. U yerdagi sport maktablarining faoliyati bilan yaqindan tanishib, samaradorlikni yanada oshirish bo‘yicha kerakli tavsiyalar berildi.

Prezident qaroriga ko‘ra, endilikda Olimpiya zaxiralari kollejlari negizida Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari faoliyat olib boradi. Tashrif yakuni bo‘yicha Sherzod Tashmatov va Ilhomjon Tursunaliyev sport turlari imkoniyatidan kelib chiqqan holda ta’lim muassasalarining faoliyati, ayniqsa, kollej qabuli uchun kvotalarni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘zlari uchun zarur ma’lumotlarni belgilab olishdi.

Text to speech