Maqsad – delegatsiyamiz uchun barcha qulay sharoitlarni yaratish
Joriy yil Turkiyaning Konya shahrida boʻlib oʻtadigan V Islom birdamligi oʻyinlari oʻzbek sporti eʼtiborida turgan eng katta start boʻlib turibdi. Parij-2024 Olimpiya oʻyinlariga tayyorlanayotgan atletlarimizning hozirligini koʻrib olish uchun ayni qulay fursat, deya eʼtirof etilayotgan musobaqaga har tomonlama jiddiy hozirlik koʻrilmoqda.
Shu kunlarda Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Milliy Olimpiya qoʻmitasi mutasaddilari Konya shahrida xizmat safarida boʻlib turishibdi. Undan koʻzlangan maqsad mezbon shahar infratuzilmasi, transport-logistika tizimi, sportchilar uchun yaratiladigan sharoitlar, obyektlar orasidagi masofa, Olimpiya shaharchasi bilan yaqindan tanishishdir.
Vazirlik va Qoʻmita rahbariyati ishlab chiqqan rejaga koʻra, 9-18-avgust kunlari oʻtadigan V Islom birdamligi oʻyinlarida delegatsiyamiz dasturga kiritilgan 27 sport turidan 23 tasida 270 nafarga yaqin sportchi bilan ishtirok etishi moʻljallangan. Umumiy hisobda esa boʻlajak turnirga dunyoning 54 mamlakatidan 3500 nafar atrofida sportchi tashrif buyurishi kutilmoqda. Shu bois yuqorida qayd etilgan yoʻnalishlar boʻyicha kerakli maʼlumotlarni toʻplash musobaqa davomida delegatsiyamizga maksimal qulayliklar yaratish uchun juda muhimdir.
Hozirda barcha terma jamoalarimiz ushbu kompleks musobaqaga qizgʻin tayyorgarlik olib bormoqda. Murabbiylar shtabi bilan tuzilgan yangi rejaga muvofiq, har bir federatsiya musobaqa oʻtadigan avgust oyiga oʻz atletlarining sport formasini maksimal darajada yuqori pogʻonaga olib chiqadi.
7500-yillik tarixga ega Konya shahrida ayni paytda 2 milliondan ortiq inson istiqomat qiladi. Shahar dengiz sathidan 1000 metrdan ziyodroq balandlikda joylashgan, iqlimi kontinental. Maʼlum qilinishicha, avgust oyida shaharda oʻrtacha 22-25 daraja issiq boʻladi. Shubhasiz, bu har qanday sport turida bellashuvlar oʻtkazish uchun juda qulay sharoit, deyish mumkin.
Ishchi guruh tashrif davomida Oʻyinlarning ochilish va yopilish marosimi boʻlib oʻtadigan bosh stadion, stenddan otish, yengil atletika, suzish, basketbol, velodrom kabi obyektlarda boʻlib, u yerdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.