Тemur Kapadze: “11 kishi boʻlganimizda, bu oʻyinda osonroq gʻalaba qozongan boʻlar edik”
Osiyo kubogi chorak final doirasidan oʻrin olgan dramatik bahsdan soʻng jamoamiz murabbiyi Temur Kapadze va Jasur Jaloliddinov oʻz fikrlari bilan oʻrtoqlashishdi.
– Qizil kartochka oʻyinga qanday darajada taʼsir qildi? (savol ham murabbiy, ham futbolchiga)
– Avvalambor, xalqimizni gʻalaba bilan taqdirlayman. Ular bizni oxirigacha qoʻllashdi. Qizil kartochka kutilmagan holat boʻldi. Erta 10 kishi boʻlib qolganimiz katta qiyinchilik tugʻdirdi. Shunday boʻlsa ham yigitlar ruhan sinib qolishmadi, buning uchun ularga rahmat. Asosiysi, gʻalaba qozondik. (T.Kapadze)
Murabbiyimning gaplariga qoʻshilgan holda shuni aytamanki, bugun stadionda til bilan taʼriflashga ojiz atmosferani koʻrdik. Xuddi Yevropa Chempionlar ligasiga oʻynagandek boʻldik. Qizil kartochka katta taʼsir oʻtkazdi. Bu bizni qanday kuchli ekanimizni koʻrsatishga sabab boʻldi. Shunday oʻyinlar orqali biz katta tajriba olamiz. Yana bir bor bizni ajoyib qoʻllab-quvvatlab turgan tomoshabinlarga tashakkur aytamiz. (J.Jaloliddinov)
– Yarim finalda qaysi jamoa tushishini xohlaysiz?
– Yaponiya ham, Koreya ham kuchli. Lekin bu taqdirga bogʻliq. Kim kuchli boʻlsa, oʻsha bilan toʻqnash kelamiz. Ikkala jamoaga ham omad tilab qolaman. (T.Kapadze)
– Arab oʻyinini oldindan bilamiz. Yigitlar bilan avvalroq bunga tayyorgarlik koʻrilmaganmidi?
– Bu borada futbolchilarga tushuntirish ishlari olib boriladi. Lekin hammada har xil ruhiyat, psixologiya bor. Ular maydonga jangovor ruhda tushishadi. Oʻsha vaziyatda darvozabonimizning oʻzi bizning foydamizga qoʻpollik ishlab olishi mumkin edi. Bu biz uchun katta saboq boʻldi. (T.Kapadze)
– Neʼmatovning qizil kartochka olgani keyingi oʻyinda biz uchun qanchalik katta yoʻqotish?
– U jamoamizdagi yetakchilardan biri. Uning tajribasi kattaligini inobatga olsak, bu biz uchun katta yoʻqotish boʻladi. Futbolda jamoada 23 oʻyinchi boʻladi. Keyingi uchrashuvda zaxira darvozabonimiz bilan kerakli natijaga erishishga harakat qilamiz. (T.Kapadze)
– Birinchi goldan keyin va hisob tenglashtirilgan vaqt orasidagi reaksiyangizni tasvirlab bersangiz ...
– Qizil kartochka sabab 1 kishi kam boʻlib, qiyin vaziyatga tushib qoldik. Yigitlarga ishonar edim. 11 kishi boʻlganimizda, bu oʻyinda osonroq gʻalaba qozongan boʻlar edik. Oxirigacha oʻz oldimizga qoʻygan maqsad sari harakat qildik va haqli gʻalabaga erishdik deb oʻylayman. (T.Kapadze)
– Oʻyingacha boʻlgan mashgʻulot jarayonida ekstra taym va penaltilar seriyasiga tayyorgarlik koʻrilganmidi?
– Albatta, kecha mashgʻulot davomida penaltilar seriyasini mashq qilgan edik. Bungacha shogirdlarimga har qanday vaziyatga tushib qolishimiz mumkinligi, barchasiga tayyor boʻlishimiz kerakligi haqida aytib oʻtganman. Toʻgʻri, erta qizil kartochka olganimiz ozroq hayajonga solgan boʻlsa ham, bunday vaziyatlarga tayyorlangan edik. (T.Kapadze)