Miroslav Soukup: “Biz ham barcha sirlarimizni ochganimiz yo‘q”
U23 Osiyo kubogi chorak final bahslari oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Iroq jamoasi bosh murabbiyi Miroslav Soukup ham ishtirok etdi. Chexiyalik mutaxassis O‘zbekistonga qarshi bahs oldidan fikr bildirar ekan, ertaga jamoasini murakkab uchrashuv kutayotganini ta’kidladi.
“Chorak finalga chiqqanimizdan mamnunmiz. Guruh bosqichida asosan Qarshida o‘ynadik. Toshkentga kelib, kayfiyatimiz yanada oshdi. Boisi shahar havosi toza va “yashil”ligi ancha yuqori ekan. Ertaga bizni mezbonlarga qarshi jiddiy o‘yin kutib turibdi. Mahalliy muxlislarning qo‘llab-quvvatlashini ham inobatga olish kerak. Chamasi 30 ming muxlis qurshovida o‘ynashimizni taxmin qilyapman. Shunday bo‘lsa ham, ertaga yarim finalga yo‘l olib, Iroq futboliga uzoq vaqt kutilgan g‘alabani taqdim qilmoqchimiz”, – dedi murabbiy.
“Bu biz uchun juda ham muhim sinov. O‘zbekistonning qanday kuchli ekanini bilamiz. Shuningdek, murabbiyim aytganidek, bu jamoaga muxlislarning qo‘llab turishi ham katta motivatsiya bermoqda. Shunga qaramay, ertaga biz g‘alaba uchun bor kuchimizni ishga solamiz”, – dedi jamoa o‘yinchisi Muhammad Karim.
– Guruh bosqichida siz amalga oshirgan rotatsiyalar haqida arab OAVda ko‘p tanqidiy maqolalar chop etildi. Bunga qanday izoh berasiz?
– Ha, bu haqida men ham o‘qidim. Buning sababi oddiy. O‘yinga kim tayyor bo‘lsa, raqib taktikasini inobatga olgan holda o‘sha shogirdlarimni bahsga tanlayman. OAV vakillarini hurmat qilgan holda aytamanki, o‘yinga jamoani men tayyorlayman. Hamma ham restoran va boshqa joylarda o‘tirib murabbiylik qilishi mumkin. Lekin mas’uliyat menga yuklatilgan.
– O‘zbekistonning o‘yiniga qaraydigan bo‘lsak, ular guruh bosqichida ajoyib natija ko‘rsatishdi. Ayniqsa, Qatarni yirik hisobda mag‘lub etishdi. Ularning o‘yinini qanchalik o‘rganmoqdasiz?
– Albatta, mezbonlar kuchli jamoa. Ammo biz ham barcha sirlarimizni ochganimiz yo‘q. Tayyorgarlik doirasida O‘zbekistonning barcha o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib bordik. Bizda mezbonlar o‘yini haqida yetarli ma’lumot bor. Ularning har biz chiziqlarini chuqur tahlil qilyapmiz. Raqib o‘yinchilari jismonan kuchli, 90 daqiqa birdek o‘ynay olishadi, texnikasi ham kuchli. Qatarga 6 ta gol urishgan ekan, buning o‘zi ularning kuchini anglatmoqda. Muxlislarning qo‘llashi O‘zbekiston jamoasining yana bir ustunligi va bu ularni bo‘lajak bahsda favorit maqomiga olib chiqmoqda.
– Jamoangiz tarkibida 20-21 yoshli o‘yinchilar borligini ta’kidladingiz, lekin O‘zbekiston tarkibida o‘ynaydigan barcha futbolchilar xuddi shu avlod vakillari hisoblanadi. Bunga qanday izoh berasiz?
– Men yosh haqida o‘ylamayman. O‘yinchilarning maydondagi darajasi men uchun ahamiyatliroq. Shundan kelib chiqqan holda raqib o‘yinchilariga jiddiy qaraymiz. Bizdagi men ta’kidlagan yosh avlod keyingi musobaqa uchun tajriba yig‘moqda.