10 Iyun 2022 1700

Temur Kapadze: “Hozir barchamizning e’tiborimiz ertangi bahsga qaratilgan”

Ertaga mamlakatimizda davom etayotgan futbol bo‘yicha U23 Osiyo kubogining chorak final uchrashuvlariga start beriladi. Bugun “Bunyodkor” stadionida mazkur bahslar oldidan matbuot anjumani tashkil etildi. Unda dastlab terma jamoamiz bosh murabbiyi Temur Kapadze ishtirok etib, Iroq U23 jamoasiga qarshi kechadigan o‘yin oldidan o‘z fikrlarini bildirdi.

“Har bir o‘yin o‘ziga yarasha qiyin bo‘ldi. Jiddiy raqiblar bilan o‘ynadik. Asosiysi, biz birinchi o‘rin bilan keyingi bosqich masalasini hal qildik. Musobaqada zaif jamoalar bo‘lmaydi. Bundan buyog‘iga yanada qiyin va jiddiy raqiblar kutib turibdi”, – dedi T.Kapadze.

Shuningdek, unda jamoa sardori Jasur Jaloliddinov ham ishtirok etib, taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Murabbiy aytganidek, bu yerda oson raqib bo‘lmaydi. Iroq ham kuchli jamoa. Shunga yarasha biz ham munosib tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Yarim finalga yo‘l olish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz”, – dedi jamoa sardori.

– Raqiblar o‘yindan o‘yinga kuchayib bormoqda. Iroq to‘sig‘idan o‘tsak, Yaponiya yoki Koreyaga to‘qnash kelamiz. Bu kabi kuchli jamoalar bilan o‘ynashga tayyormizmi?
– Biz uchun ertangi o‘yin muhim. Koreya yoki Yaponiyaning qanday kuchga ega ekanini bilamiz. Bizning jamoamiz ham o‘ziga yarasha kuchli. Ammo ta’kidlaganimdek, bizning hozirgi e’tiborimiz Iroqqa qarshi bahsga qaratilgan. (T.Kapadze)

– Bu bosqichgacha mag‘lub bo‘lmadingiz. Bundan keyin ham shu seriyani davom ettira olishingizga ishonasizmi?
– Ertaga katta o‘yin kutib turibdi. Har bir uchrashuvdan keyin raqib va ularning kuchi ortib boradi. Avval Iroqni yutib olaylik. Hozir barchamizning fikrimizda shu narsa turibdi. (T.Kapadze)

– Muxlislar jamoaga to‘la ishonmoqda. Musobaqada g‘alaba qozonib, ularning ishonchini oqlay olasizlarmi?
– Bizda hozir katta bosim yo‘q. Muxlislarimizga faqat g‘alaba kerak. Ularning kayfiyati bizning o‘yinimizga bog‘liq. Har bir g‘alabamizda ularning qo‘llab-quvvatlashini his qilyapmiz. Chorak finalga chiqib, birdan final haqida o‘ylaydigan payt emas. Bu vaziyatda konsentratsiyani yo‘qotib, mag‘lubiyatga uchrash hech gap emas. Shu bois hozir final haqida o‘ylashga erta. (J.Jaloliddinov)
– Iroq haqida nima deya olasiz?
– Bu jamoaning kattalari va yoshlari doimo kuchli o‘yin namoyish etib kelgan. Ularning bahsini kuzatib chiqdik. Ancha jiddiy raqib ekani bilinib turibdi. O‘z o‘yinimizni ko‘rsatib, g‘alaba qozonishga harakat qilamiz. (T.Kapadze)
– Futbolchilarning jismoniy holati qay darajada? Ertaga qo‘shimcha vaqtlarga ham tayyormisizlar?
– Bu borada bolalarda yaxshi tayyorgarlik bor. Ertaga bahs taqdiri ekstra taymlarga ham cho‘zilishi mumkin. Ular ham ruhiy, ham jismoniy tomondan ertangi uchrashuvga tayyor. (T.Kapadze)

Text to speech