9 Iyun 2022 1405

Sportni rivojlantirish vaziri Turkiyada V etnosport madaniyat festivalida ishtirok etmoqda

Joriy yilning 26-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori imzolandi. Mazkur Qaror bilan etnosport turlarini 2025-yilgacha ommalashtirish va rivojlantirish dasturi hamda uni 2022–2023-yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Etnosport turlarini mamlakatimizda yanada rivojlantirishga qaratilgan ushbu qaror milliy qadriyatlarimiz taraqqiyotida oldinga tashlangan muhim qadam boʻldi. Taʼkidlash joiz, turkiy tilli davlatlar orasida etnosport turlariga qiziqish va eʼtibor juda yuqori. Bunga misol sifatida bugun Turkiyaning Istanbul shahrida V etnosport madaniyat festivalining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtganini koʻrsatish mumkin.

Mazkur nufuzli tadbirning ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vaziri Adxam Ikramov ham ishtirok etdi. V etnosport madaniyat festivalida dunyoning 26 davlati vakillari oʻz mahoratlarini namoyish etishadi.

Festival doirasida vazir A.Ikramov Butunjahon etnosport konfederatsiyasi raisi janob Najmiddin Bilol Erdoʻgʻon hamda yana bir qator yuqori martabali mehmonlar bilan rasmiy uchrashuvlar oʻtkazadi.

Text to speech