9 Iyun 2022 1654

Sherzod Tashmatov Rim Gran-prisidan soʻng murabbiylar shtabining faoliyatini tanqidiy koʻrib chiqdi

3-5-iyun kunlari Italiya poytaxti Rim shahrida taekvondo WT boʻyicha mavsumning dastlabki Gran-pri turniri boʻlib oʻtdi. Unda 8 nafar sportchi bilan qatnashgan terma jamoamiz 1 ta bronza medaliga sazovor boʻldi. Tabiiyki, bu natija Assotsiatsiyasi rahbariyatini qanoatlantirgani yoʻq. Shu bois, bugun MOQ raisi oʻrinbosari, Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov murabbiylar shtabi bilan yigʻilish oʻtkazdi.

Unda Pavel Xan boshchiligidagi shtabning soʻnggi davrdagi faoliyati keskin tanqidiy koʻrib chiqildi. Ayniqsa, Rim Gran-prisida taekvondochilarimizning ishtiroki, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va ularning yechimlariga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Sherzod Tashmatov oʻtgan musobaqada jamoamiz qayd etgan natijadan umuman qoniqmaganini aytib, keyingi startlarga butunlay boshqacha yondashuv bilan tayyorlanish lozimligini bildirdi va deyarli natija bermayotgan mutaxassislarni keskin ogohlantirdi. MOQ raisi oʻrinbosari kerak boʻlsa, murabbiylar shtabining tarkibni yangilash, unga viloyatlardagi tajribali trenerlarni jalb qilish masalasini ham koʻrib chiqdi. Shuningdek, yigʻilish davomida har bir vazn toifasida yoshlardan iborat zaxira sportchilarining bugungi holati, koʻrsatayotgan natijalari tahlil qilindi.

Taʼkidlash joiz, 24-27-iyun kunlari Koreya Respublikasida navbatdagi Osiyo chempionati boʻlib oʻtadi. Shuningdek, avgustda Turkiyaning Konya shahrida oʻtkaziladigan Islom birdamligi oʻyinlari dasturiga ham taekvondo sporti kiritilgan. Sherzod Tashmatov suhbat davomida terma jamoamizning mazkur musobaqalarga tayyorgarligini maksimal darajada kuchaytirish boʻyicha tegishli koʻrsatmalar berdi.

Text to speech