9 Iyun 2022 1981

Badiiy gimnastikachilarimiz Osiyo chempionati oldidan oʻz imkoniyatlarini sinovdan oʻtkazishdi

Moskvadagi Irina Viner-Usmanova gimnastika saroyida badiiy gimnastika boʻyicha “Kuchlilar turniri” musobaqasining birinchi bosqichi boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan terma jamoamiz vakillari 5 ta bronza medaliga sazovor boʻlishdi.

Jamoamiz tarkibida soʻnggi musobaqalarda porlayotgan Yosmina Rahimova uchun bu turnir ham ajoyib yakunlandi. Rahimova musobaqa doirasida koʻpkurash dasturida bronza medalini qoʻlga kiritgani uning faoliyatidagi katta yutuqlardan biri boʻldi. Bellashuvlarda hamyurtimiz faqatgina rossiyalik opa-singil Dina va Arina Averinalarga imkoniyatni boy berdi xolos. Shuningdek, bu yoʻnalishda qatnashgan boshqa vakillarimiz Mila Boturina toʻrtinchi, Yekaterina Fetisova esa oltinchi oʻrinni egalladi.

Yosmina alohida mashqlar dasturida xalqa va tasmadagi chiqishlari bilan ham shohsupaning uchinchi pogʻonasidan joy oldi. Tokio-2020 ishtirokchisi Yekaterina Fetisova bulava mashqida, qolaversa, Viktoriya Neskubo, Iroda Sodiqova, Diyora Baxtiyorova, Mubina Kamolova, Yasmin Mirzayarova, Dominika Damirovadan iborat qizlarimiz jamoaviy dasturda uchinchi natijani qayd etishdi.

Taʼkidlash joiz, bu turnir 23-26-iyun kunlari Tailandda oʻtkaziladigan Osiyo chempionati oldidan gimnastikachilarimizning sport formasi va tayyorgarligini koʻzdan kechirib olish uchun ayni muddao boʻldi.

Text to speech