Sportchilarimizning tibbiy koʻrikdan oʻtishlari uchun yangi qulayliklar yaratildi
Maʼlumki, sportchilarimizning xalqaro maydonda yuqori natijalarni qayd etishida, ularga koʻrsatiladigan tibbiy xizmatning oʻrni katta. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi qoshida tashkil etilgan Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi atletlarimiz uchun qulayliklar yaratish maqsadida bir qator qoʻshimcha oʻzgarishlarni amalga oshirdi.
Bu borada Markaz laboratoriyasi yangi texnika bilan boyiganini taʼkidlash joiz. U orqali endilikda atletlarimizning umumiy qon tahlillari avvalgidan ancha koʻp parametrlarda koʻrib chiqiladi. Shuningdek, turkiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikdagi ishlar orqali sport genetikasi tekshiruvidagi yoʻnalishlar ham koʻpaydi.
Bugun MOQ rahbariyati mazkur texnikalar qanday xizmat koʻrsatayotgani oʻrganish maqsadida Markaz faoliyati bilan tanishdi. RSTIAM direktori Kamol Sirojitdinov Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitovga yangi jihozlarning qanday ishlashi va ularning imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berdi.
Sportchilarimiz uchun yana bir qulaylik. Endilikda ular tibbiy koʻrikdan oʻtadigan asosiy yoʻnalishlar bir joyda toʻplandi. Ilgari atletlarimiz tor doiradagi mutaxassislar koʻrigidan oʻtishgach, Markazning koʻplab qavatlarida navbatma navbat yurishar edi. Yangi oʻzgarishdan soʻng laboratoriya, barcha turdagi funksional tekshiruv xonalari bir joyda birlashtirildi.
MOQ rahbariyati sportchilarimiz uchun yaratilgan ushbu qulayliklar haqida ijobiy fikr bildirib, mazkur yoʻnalishdagi ishlarni yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha tavsiyalarini berdi. Ahamiyatlisi, ushbu tibbiy jihozlar kelgusida nafaqat sportchilar, balki hamyurtlarimiz uchun ham xizmat koʻrsatishi mumkin.