8 Iyun 2022 2001

Suv sporti turlari boʻyicha jahon chempionatida ishtirok etuvchi tarkibimiz maʼlum

18-iyun 3-iyul kunlari Vengriya poytaxti Budapesht shahri suv sporti turlari boʻyicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Unda terma jamoamiz vakillari suzish, sinxron suzish va suvga sakrash dasturlarida ishtirok etishadi. Oʻzbekiston suzish federatsiyasining maʼlum qilishicha, terma jamoamiz quyidagi sportchilar bilan Vengriyaga yoʻl oladi:

Suzish: Xurshidjon Tursunov, Aleksey Tarasenko.

Tursunov 50 metrga batterflyay va 50 metrga erkin usullarda suzish, Tarasenko esa 100 va 200 metrlarga erkin usullarda suzish dasturida startga chiqadi.

Suvga sakrash: Botir Hasanov, Marsel Zаynеtdinov, Kamronbek Xodjimov.

Hasanov va Zаynitdinov boʻlajak jahon chempionatida 10 metrdan sinxron sakrash dasturida, Xodjimov esa 3 metrli tramplindan sakrash boʻyicha oʻz omadini sinab koʻradi.

Sinxron suzish: Dinara Ibragimova, Diana Oneks, Ziyodaxon Toshxoʻjayeva, Anna Vashenko, Vyacheslav Rudnev.

Ibragimova hamda Rubnev birgalikda mikst dasturida, Oneks va Toshxoʻjayeva duet chiqishlarida qatnashsa, Vashenko zaxira sportchisi sifatida roʻyxatdan oʻtgan.

Qayd etish joiz, ushbu jahon chempionati aslida oʻtgan yili Yaponiyaning Fukuoka shahrida oʻtkazilishi lozim edi. Tokio-2020 Olimpiadasi 1 yilga kechiktirilgach, dunyo birinchiligi ham 2022-yilga qoldirildi. Biroq 2021-yil yakunida Fukuoka maʼmuriyati epidemiologik vaziyat sabab musobaqani qabul qila olmasligini bildirgach, mezbonlik Budapesht shahriga oʻtdi. Shu tariqa, Vengriya poytaxti soʻnggi 7 yil ichida ikkinchi bor mazkur nufuzli startni qabul qilmoqda.

Text to speech