7 Iyun 2022 1738

Prezident Qarori Paralimpiya oilasini ruhlantirdi

Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga munosabat bildirdi. Unda shunday deyiladi:

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oʻtgan yilning sentyabrida XVI Paralimpiya oʻyinlari ishtirokchilari bilan uchrashuvda sportchi va ularning murabbiylarini yuksak mukofotlar bilan taqdirlar ekan, paralimpiyachilarimiz jasorati haqida alohida toʻxtalib, Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi tarkibida “Matonat maktabi” tashkil etish taklifini bildirgan edilar. Bugun davlatimiz rahbari bergan vaʼdasining ustidan chiqib, ana shu takliflarni yuzaga chiqarmoqdalar.

Hech bir davlatda bir yil ichida paralimpiya harakati va paralimpiyachilarni Prezident darajasida qadrlagan tizim boʻlmasa kerak. Oʻtgan yilning may oyida “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori chiqqan boʻlsa, bu yil mana ana shu qarorning izchil davomi sifatida “Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Qaror qabul qilindi.

Bu, avvalo, bizni xursand qilsa, ikkinchi tomondan, bizga va paralimpiyachilarimizga katta masʼuliyat yuklaydi.

Paralimpiyachilarning matonat maktabi nima degani oʻzi, deb mendan soʻrasangiz, aytishim lozimki, taʼlim muassasalari, mehnat jamoalari hamda mahallalarda jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslarning qoʻlga kiritgan yutuqlari, ularning ibratli hayot tarzini targʻib qilish demakdir. Matonat maktabi bu – mahorat maktabi, demakdir.

Bu bizga nima beradi?

Birinchidan, jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi boʻlgan shaxslar, ayniqsa yoshlarda halollik, vijdoniylik, vatanparvarlik kabi fazilatlarni, milliy gʻurur tuygʻularini shakllantiradi. Ikkinchidan, yoshlarni parasport turlariga kengroq jalb qilish mexanizmi ishga tushiriladi.

Bu maktabning yana bir vazifalaridan biri – ijtimoiy hayotning turli masalalariga doir tashabbuslar bilan chiqish, davlat organlari va tashkilotlariga takliflar kiritish va tavsiyalar berish uning yana bir funksional vazifalari sifatida belgilanmoqda. Shuningdek, yoshlarga oʻrnak koʻrsatish va shaxsiy namuna sifatida ularni matonatli etib tarbiyalash, bu borada ilmiy-amaliy anjumanlar, savol-javob kechalari, kitobxonlik, oʻyinlar, mashhur kishilar bilan uchrashuvlar tashkil etishda matonat maktabi yetakchi rol oʻynaydi.

Mazkur qaror asosida Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi huzurida “Matonat maktabi” tashkil qilinib, unga shaxsan qoʻmita raisi sifatida rahbarlik qilaman. Bunga qoʻshimcha ravishda 2 nafar shtat birligi ajratiladi. Shunga koʻra Paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi Paralimpiyachilarning matonat maktabi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish va paralimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish boʻyicha respublika kengashi etib qayta nomlanyapti.

Bizga bu borada Mudofaa hamda Sportni rivojlantirish vazirliklari yordam beradi. Matonat maktabining yutuqlari, ularning ibratli hayot tarzini targʻib qilishga Mudofaa vazirligi yordam bersa, yoshlarni parasport turlariga keng jalb qilish sohasidagi vazifalar Sportni rivojlantirish vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Maqsadimiz - “Yangi Oʻzbekiston – yangi gʻalabalar sari” degan hayotiy eʼtiqodni qaror toptirishga qaratilgan.

Yangi hayotga qadam qoʻyayotgan har qanday yoshning oʻzi intilgan insoni, sevib qoʻllab-quvvatlaydigan sportchilari boʻladi. Shu maʼnoda aytish lozimki, bugungi paralimpiyachilarimiz ham oʻz irodasi va matonati bilan ana shunday sharafga loyiq insonlar, deb bilamiz. Garchi jismoniy imkoniyati cheklangan boʻlsa-da, ularning har biri qahramon, hayot yoʻli ibrat boʻlishga arzigulik shaxslardir. Ular haqida filmlar ishlanadi, koʻrsatuvlar tayyorlanadi, maxsus kitoblar chop etiladi. Inson irodasi metindek mustahkamligi koʻrsatib beriladi.

Hujjat asosida poytaxtimizning Abdulla Qodiriy koʻchasida joylashgan piyodalar yurish va dam olish maskanida Paralimpiyachilar bogʻi tashkil etilyapti. Toshkent metropolitenining yangi qurilayotgan bekatlaridan biriga “Paralimpiya harakati” nomi beriladi.

Matonat maktabi boʻyicha Oʻzbekiston tajribasini dunyo mamlakatlariga targʻibot-tashviqot etish maqsadida 2023-yildan boshlab har ikki yilda bir marotaba Toshkent shahrida “Paralimpiya matonatchilari” xalqaro forumi oʻtkaziladi. Bularning barchasi yoshlarning sevimli paralimpiyachilari timsolida ularga izzat-ikrom va hurmat koʻrsatish sanaladi. Nogironligi boʻlgan hech bir shaxs eʼtiborimizdan chetda qolmaydi.

Paralimpiya harakati butun dunyoga yoyilgan xayrli va savobli harakatlardan sanaladi. Shuning uchun jismoniy imkoniyati cheklangan yoki nogironligi boʻlgan shaxslar oʻrtasida ommaviy sportni yanayam rivojlantiramiz. Har birining iqtidori va imkoniyatiga qarab parastol tennisi, paradzyudo, golbol, 5x5 futbol, parayengil atletika, bochcha, parapauerlifting, paraqilichbozlik, aravachada basketbol kabi sport turlarini rivojlantiramiz. Ularni zaruriy sport jihozlari va sport formalari bilan taʼminlab boramiz.
Bu orqali professional sportni ham rivojlantirib, xalqaro musobaqalar va Paralimpiya oʻyinlarida mamlakatimiz dovrugʻini yanada kengroq yoyishga oʻz hissamizni qoʻshamiz.

Text to speech