7 Iyun 2022 1340

Adham Ikramov boshchiligidagi ishchi guruh Xorazm viloyatida oʻrganish ishlarini olib bordi

Oʻzbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirishi vaziri Adham Ikramov boshchiligida tuzilgan ishchi guruh ham hududlarda sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishda davom etmoqda.

Jumladan, Andijon, Fargʻona, Namangan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlariga xizmat safarlari tashkil etilib, hududlarda sportni rivojlantirish borasida erishilayotgan yutuqlar va sohadagi kamchiliklar tahlil qilingan edi.

Bugun vazir boshchiligidagi ishchi guruh Xorazm viloyatida xizmat safarida boʻlib turibdi. Oʻrganishlar davomida tumanlardagi sport maktablari faoliyati bilan tanishilmoqda hamda joriy yil 23-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida sport taʼlimini yaxshilash, iqtidorli sportchilarni saralash va ularning zaxirasini yaratish, murabbiylarni tayyorlashdagi ustuvor vazifalar yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlar boʻyicha tushuntirishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, Urganch Olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejiga tashrif davomida kollejda tahsil olayotgan yosh sportchilar bilan muloqot tashkil etildi. Suhbat davomida yosh atletlar tomonidan berilgan takliflar va tashabbuslaridan kelib chiqib, masʼullarga tegishli koʻrsatmalar berildi.

Shuningdek, Xorazm viloyati sportni rivojlantirish boshqarmasi masʼullari hamda BOʻSM va IBOʻSM direktorlarining hisobotlari tinglandi.

Text to speech