7 Iyun 2022 1304

MOQ rahbariyati Qarshidagi yangi dzyudo zalining ochilishida qatnashib, viloyatdagi sport taʼlim muassasalarining faoliyatini oʻrgandi

Ayni paytda Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi rahbariyati Qashqadaryo viloyatida boʻlib turibdi. Bugun ishchi guruh yosh dzyudochilar uchun barpo etilgan yangi zalning tantanali ochilish marosimida ishtirok etib, mutaxassislar bilan viloyat sporti rivojining yangicha istiqbolli rejalarini muhokama qilishdi.

Dastavval MOQ rahbariyati Qarshi shahridagi 11-sonli maktab hududida barpo etilgan yengil konstruksiyali dzyudo zalining ochilish marosimida boʻlishdi. Unda Milliy Olimpiya qoʻmitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosarlari Ravshan Irmatov va Saken Polatov, MOQ raisi oʻrinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov, Sportni rivojlantirish vazirining maslahatchisi Avaz Karimov, Xalq taʼlimi vazirligi, viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Qashqadaryo dzyudosi terma jamoamiz uchun Sherali Joʻrayev, Soyib Qurbonov, Kamoliddin Rasulov kabi nomdor sportchilarni tarbiyalab bergan. Tadbirda soʻz olganlar ushbu zaldan kelajakda yurtimiz sharafini jahon arenalarida munosib himoya qiladigan iqtidorli sportchilar yetishib chiqishini, buning uchun hukumatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilishini alohida taʼkidlashdi.

Shundan soʻng viloyat sportini rivojlantirishning istiqbolli rejalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Unda Qashqadaryodagi asosiy BOʻSM, IBOʻSM, viloyat OZK, hududiy federatsiyalar vakillari ishtirok etishdi. Sohadagi kamchiliklar va yechimini kutayotgan masalalarni oʻrganish boʻyicha oʻtgan ochiq muloqotda 23-may kuni Prezidentimiz raisligida oʻtgan videoselektor yigʻilishida koʻtarilgan mavzular, unda belgilangan vazifalar ijrosini amalga oshirish tizimi muhokama qilindi. Shuningdek, unda davlatimiz rahbarining joriy yil 22-aprel kuni ushbu viloyatga tashrifi doirasida soha mutasaddilariga bergan topshiriqlarining bugungi kundagi holati ham oʻrganildi.

Mutasaddilar Prezidentimiz tomonidan sport taʼlimini yaxshilash, iqtidorli sportchilarni saralash va ularning zaxirasini yaratish hamda murabbiylarni tayyorlash yoʻnalishiga katta ahamiyat qaratayotganini alohida taʼkidlashdi. Bu borada yurtboshimiz tomonidan kecha imzolangan “Oliy sport mahorati instituti faoliyatini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi va “Davlat sport-taʼlim muassasalari faoliyatini mutlaqo yangi tizim asosida tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorlar orqali sohaning qanchalik dolzarb ekani tushuntirildi.

Yigʻilish davomida Prezident topshirigʻi asosida dzyudo va taekvondo sport turlarida yosh iqtidorli sportchilarni hududlarda seleksiya qilish boʻyicha ishlangan yangicha tizim taqdimoti oʻtkazilib, uni amalga tatbiq qilish boʻyicha fikr-mulohazalar bildirildi. Tadbirdan soʻng mutasaddilar viloyatdagi taʼlim muassasalarning faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Text to speech