Tokio-2020 Olimpiadasi sovrindori Davlat Bobonov 25 yoshda!
Bugun dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Davlat Bobonov tugʻilgan kunini nishonlamoqda.
Davlat Bobonov 1997-yil Navoiy viloyatida dunyoga kelgan. Samarqand dzyudo maktabi tarbiyalanuvchisi. Kurashchilar oilasida tugʻilgan Bobonov oʻz hayotini dzyudo bilan bogʻladi va ushbu sport turida yoshlar oʻrtasida Osiyo chempionati (2016), Toshkent Gran-prisi (2016) va Dyusseldorf “Katta dubulgʻa” (2020) turnirlari gʻolibiga aylandi. 2020-yil Oʻzbekistonning eng yaxshi sportchisi deb topilgan. 2021-yil dzyudochimiz uchun yanada ulkan muvaffaqiyatlarga boy boʻldi. Bobonov dastlab Qirgʻizistonda oʻtgan Osiyo chempionatida oltin, Budapesht mezbonlik qilgan jahon chempionatida kumush, Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida esa bronza medallarini qoʻlga kiritdi. Erishgan muvaffaqiyatlari evaziga davlatimiz tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi dzyudochimizni bugungi tavallud ayyomi bilan tabriklaydi. Polvonimizga uzoq umr, sihat-salomatlik va ulkan zafarlar tilab qoladi.