6 Iyun 2022 1478

MOQ rahbariyati toʻla qayta taʼmirlanayotgan Jizzax OZK faoliyati bilan tanishdi

Respublikamiz hududlari boʻylab oʻrganish ishlarini olib borayotgan Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi oʻrinbosarlari Azizjon Kamilov va Sherzod Tashmatovning navbatdagi tashrifi Jizzax viloyatiga amalga oshirildi.

Mutasaddilarni viloyat sportni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Jaloliddin Oʻktamov va Jizzax OZK direktori Xurshid Atakulov kutib olishdi. Shundan soʻng mahalliy mutaxassislar MOQ rahbariyatini viloyatda jismoniy tarbiya va sport sohasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirishdi.

Avval xabar berganimizdek, Qoʻmita rahbariyatining bu kabi safarlari 23-may kuni Prezidentimizning sport taʼlimini yaxshilash, iqtidorli sportchilarni saralash va ularning zaxirasini yaratish hamda murabbiylarni tayyorlash boʻyicha oʻtkazgan videoselektordagi topshiriqlari asosida tashkil etilmoqda.

X.Atakulov MOQ rahbariyatini ayni paytda Investitsiya dasturi boʻyicha toʻlaligicha qayta taʼmirlanayotgan Jizzax OZKning yangi loyihasi bilan tanishtirdi. Mutaxassis Kollejning yangicha qiyofasi, yotoqxona, oʻquv korpuslari, quriladigan yangi zallar, kadrlarning malakasini muntazam oshirib borish rejalariga batafsil toʻxtaldi. Uning soʻzlariga koʻra, kollej kelayotgan oʻquv yilidan yangicha tizimda ish boshlaydi.

Shundan soʻng Yoshlar ishlari agentligi zalida viloyatdagi sport sohasining mutaxassislari bilan davlatimiz rahbarining seleksiya tizimini butkul yangilash haqidagi topshirigʻi asosida ishlab chiqilgan yangi reja taqdimoti boʻlib oʻtdi. Unda taekvondo va dzyudo sport turlari misolida hudud va sektorlar kesimida tashkil etiladigan turnirlar loyihasi, murabbiy va hakamlarning malakasini oshirish boʻyicha rejalar xususida batafsil toʻxtalib oʻtildi va vazifalar belgilab olindi.

Text to speech