6 Iyun 2022 1742

Yengil atletika xabarlari: Sadullayevada gʻalaba, Voroninada qitʼadagi eng yaxshi natija

Hafta yakunida yengil atletikachi qizlarimiz Yevropa maydonlarida oʻtkazilgan turli xalqaro musobaqalarda ishtirok etib, yuqori natijalarni koʻrsatishdi. Jumladan, Safina Sadullayeva Germaniyada oʻtgan musobaqada gʻalaba qozongan boʻlsa, Yekaterina Voronina hamda Darya Reznichenko Ispaniyadagi turnirda qatnashdi.

Relingen-Zirsburg shahrida oʻtgan “57th International Pentecost Sport Meeting Rehlingen” musobaqasi Sadullayeva uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Yurtdoshimiz bu gal 1,88 metr balandlikni zabt etishga erishdi.

Balandlikka sakrash, ayollar:
1. Safina Sadullayeva (Oʻzbekiston) – 1,88 metr
2. Oksana Okuneva (Ukraina) – 1,85
3. Imke Onnen (Germaniya) – 1,82

Ikki karra Olimpiya oʻyinlari qatnashchisi, koʻpkurashchimiz Yekaterina Voronina Ispaniyada “oltin” darajadagi “XI Meeting Internacional Arona Pruebas Combinadas Tenerife 2022” turnirida qatnashdi. 18 nafar mahoratli sportchilar ishtirok etgan musobaqada Yekaterina 6072 ochko bilan toʻrtinchi natijani qayd etdi. Taʼkidlash joiz, bu osiyolik koʻpkurashchilar orasida mavsumning eng yuqori koʻrsatkichi boʻldi. Voronina har bir yoʻnalishlarda quyidagi natijalarni koʻrsatdi: toʻsiqlar osha 100 metr – 14.50 (909 ochko), balandlikka sakrash – 1,73 (801), yadro uloqtirish – 13,64 (770), 200 metr – 25,52 (840), uzunlikka sakrash – 6,02 (856), nayza uloqtirish – 50,45 (869, 800 metr 2:11.90 (937).

Koʻpkurash, ayollar:
1. Xari Xovkins (AQSH) – 6243 ochko
2. Klaudiya Konte (Ispaniya) – 6174
3. Mariyke Esselnik (Niderlandiya) – 6087
4. Yekaterina Voronina (Oʻzbekiston) – 6072

Anduxar shahri mezbonlik qilgan “bronza” darajadagi “Meeting Jaén Paraíso” turnirida ishtirok etgan Darya Reznichenko uzunlikka sakrash dasturida toʻrtinchi pogʻonadan joy oldi.

Uzunlikka sakrash, ayollar:
1. Fatima Diame (Ispaniya) – 6,76
2. Yasmin Koale (Burkina-Faso) – 6,42
3. Irati Mitxelena (Ispaniya) – 6,37
4. Darya Reznichenko (Oʻzbekiston) – 6,32

Text to speech