6 Iyun 2022 2021

Shuhrat Salayev Rim Gran-prisida bronza medalini qoʻlga kiritdi

Italiya poytaxti Rim shahrida taekvondo boʻyicha yilning birinchi Gran-pri turniri oʻz yakuniga yetdi. Ahamiyatlisi, ushbu musobaqada terma jamoamiz vakili Shuhrat Salayev sovrindor boʻldi.

-80 kg vazn toifasida ishtirok etgan yurtdoshimiz dastlab iordaniyalik Faxed Sbeyhini, ikkinchi bosqichda Tokio-2020 sovrindori xorvatiyalik Toni Kanayetni, chorak finalda esa ispaniyalik Daniel Barrerani dogʻda qoldirdi.

Final yoʻlida yurtdoshimizga Tokio-2020 Olimpiadasining boshqa bir sovrindori misrlik Seyf Eyssa raqiblik qildi. Birinchi boʻlimni Salayev oʻz foydasiga hal qilgan boʻlsa ham, keyingi raundlarda tajribali raqib ustunlikni oʻz tomoniga ogʻdirib oldi.

Shu tariqa, Shuhrat Salayev bronza medaliga sazovor boʻldi. Qayd etish joiz, bu Shuhrat uchun Gran-pri tasnifidagi musobaqalarda qoʻlga kiritilgan birinchi medal. Afsuski, ushbu vaznda qatnashgan ikki karra JCH finalchisi Nikita Rafalovich medallar uchun kurashni erta tark etdi.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Oʻzbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasini Rim Gran-prisidagi ushbu muvaffaqiyat bilan tabriklab, jamoamizga kelgusi musobaqalarda omad tilaydi.

Text to speech