Tursunoy Rahimova hamda Sherzod Mamutovni tabriklaymiz!
Bugun Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlarida terma jamoamiz sharafini himoya qilgan ikki vakilimiz Tursunoy Rahimova hamda Sherzod Mamutov tavallud kunini nishonlashmoqda.
Tursunoy Farhod qizi Rahimova 1997-yil 5-iyun kuni Toshkent viloyatida tugʻilgan. 2015-yildan terma jamoamiz tarkibida bir qator xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyat qozonib kelmoqda. Bir nechta Osiyo va jahon chempionatlari, shuningdek, oʻtgan yili Tokio shahri mezbonlik qilgan Olimpiya oʻyinlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan. Olimpiadadan soʻng, davlatimiz tomonidan “Jasorat” medali bilan taqdirlangan.
Sherzod Azamatovich Mamutov 2002-yil 5-iyun kuni Qoraqalpogʻiston Respublikasida tugʻilgan. Dastlab Nukus shahrida Daurbek Jiyemuratov qoʻl ostida qilichbozlik sir-asrorlarini oʻrgana boshladi. Sportchimiz 2018-yil terma jamoa tarkibiga jalb qilingan. Shu yilning oʻzida sablya boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionatining jamoaviy yoʻnalishida kumush, bir yil oʻtgach Iordaniyadagi qitʼa birinchiligida esa bronza medalini qoʻlga kiritdi.
Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi har ikki sportchimizni bugungi ayyom bilan tabriklab, ularga uzoq umr, sihat-salomatlik va ulkan gʻalabalar tilab qoladi.