MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatovni tabriklaymiz!
Bugun MOQ raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston taekvondo WT assotsiatsiyasi raisi Sherzod Tashmatov o‘z tavallud ayyomini nishonlamoqda.
Sherzod Rixsibayevich Tashmatov 1979 yil 5 iyun kuni tug‘ilgan. Umrining asosiy qismini o‘zbek sportini rivojlantirishga bag‘ishlagan professional sport menejeri faoliyati davomida O‘zbekiston muaytay va boks federatsiyalari, shuningdek, taekvondo assotsiatsiyalarida muvaffaqiyatli ishlagan. Ayniqsa, o‘zbek bokschilarining Rio-2016 Olimpiya o‘yinlaridagi zafarli ishtirokida bu insonning xizmati beqiyos. Sherzod Tashmatov, shuningdek, Osiyo boks Konfederatsiyasi vitse-prezidenti, tashkilot Ijroiya qo‘mitasi a’zosi sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan.
Uning O‘zbekiston taekvondo assotsiatsiyasi boshqaruvidagi faoliyati o‘zbek sportida yangi sahifa ochdi, deyish mumkin. Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida taekvondochilarimiz ilk bor to‘liq tarkibda 4 ta litsenziya qo‘lga kiritishdi. Qolaversa, Ulug‘bek Rashitovning undagi oltin medali mustaqil O‘zbekiston uchun mazkur sport turida Olimpiadalardagi dastlabki muvaffaqiyat bo‘ldi.
Sherzod Rixsibayevichning mana shunday mehnatlari hukumatimiz tomonidan "Mehnat shuhrati" va “Do‘stlik” ordenlari bilan taqdirlangan.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi Sherzod Tashmatovni bugungi tavallud ayyomi bilan tabriklab, u kishiga uzoq umr, sihat-salomatlik va ulkan zafarlar tilab qoladi.